Koreya tashqi ishlar vaziri bilan muzokaralar oʻtkazildi

Bugundan Oʻzbekiston hukumati delegatsiyasining Seul shahriga tashrifi boshlandi. Delegatsiya rahbari Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari – investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Sardor Umurzoqov tashrif doirasida dastlab Koreya Respublikasi tashqi ishlar vaziri Kan Gyon Xva bilan uchrashdi.
Uchrashuv chogʻida ikki tomonlama sheriklikning keng koʻlamli masalalari, shuningdek, ustuvor yoʻnalishlar boʻyicha hamkorlikni faollashtirish istiqbollari muhokama qilindi. Koreya Respublikasi Prezidentining 2019-yil aprel oyida Oʻzbekistonga amalga oshirilgan tashrifi tufayli erishilgan mamlakatlararo muloqotning yuqori darajasi taʼkidlab oʻtildi. Tashrif davomida qator bitim va shartnomalar imzolandi.
Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti tomonidan dunyoda koronavirus tarqalishiga qarshi kurash boʻyicha eng katta muvaffaqiyatga erishgan davlatlardan biri sifatida eʼtirof etilgan Koreyaning bu boradagi ilgʻor amaliyotini Oʻzbekistonda joriy etish istiqbollari muhokama qilindi. Jumladan, pandemiyaga qarshi kurashda xalqaro saʼy-harakatlarni birlashtirish va muvofiqlashtirishga kelishildi.
Bundan tashqari, hukumat va vazirlar darajasida ikki tomonlama tadbirlarni tashkil etish bilan bogʻliq masalalar koʻrib chiqildi. Oʻzbekiston va Koreya Bosh vazirlari oʻrinbosarlarining 3chi yigʻilishi, tashqi ishlar vazirliklari oʻrtasida siyosiy maslahatlashuvlar, savdo-iqtisodiy hamkorlik boʻyicha Oʻzbekiston-Koreya hukumatlararo qoʻmitaning navbatdagi 10 chi yigʻilishi, shuningdek, ikki mamlakat ishbilarmon doiralari ishtirokidagi biznes-forum shular jumlasidan.
Uchrashuv yakunida mamlakatlararo hamkorlikni yana-da rivojlantirishning ustuvor yoʻnalishlari belgilab olindi va umumiy vazifalarni bajarish uchun birgalikdagi faoliyatni davom ettirish boʻyicha har ikki tomon tayyorligi taʼkidlandi.

 

OʻzA