YALPI MAJLIS: ayrim qonunlarga oʻzgartirish kiritilmoqda, yangi qonun loyihalari muhokamada

Bugun Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi yalpi majlisida bir qator qonun loyihalari muhokama qilindi.
Dastlab “Odam savdosiga qarshi kurashish toʻgʻrisida”gi qonun loyihasi koʻrib chiqildi.
BMT maʼlumotlariga koʻra, dunyoda har yili taxminan 2 million 700 ming kishi odam savdosi qurboniga aylanmoqda. Xalqaro ekspertlarning baholashicha, ushbu jinoyat tashkilotchilari tomonidan olinayotgan yillik daromad miqdori 7 milliard AQSH dollaridan oshib ketgan. Tashvishlanarlisi, odam savdosi jinoyatidan jabrlanganlarning 80 foizi ayollar va bolalardir.
Har yili dunyo boʻyicha 600-800 ming ayol va bolalar aldov yoʻli bilan xorijiy mamlakatlarga olib ketilib, sotib yuborilmoqda.
Mamlakatimizda ushbu dolzarb muammoga qarshi kurashishning huquqiy asoslarini takomillashtirish maqsadida yangi tahrirdagi “Odam savdosiga qarshi kurashish toʻgʻrisida”gi qonun loyihasi ishlab chiqildi.
2019-yilda odam savdosi sifatida kvalifikatsiya qilinadigan harakatlar ustidan tushgan murojaatlarning tahlili shuni koʻrsatadiki, bunday qilmishlarning 86 foizi xorijiy davlatlar hududida sodir boʻlgan. Amaldagi qonunchilikdagi huquqiy boʻshliqlar fuqarolarning qonuniy manfaatlari va huquqlarini taʼminlashda bir qator noqulayliklarni keltirib chiqarayotgan edi.
Eʼtiborlisi, loyihada yuqoridagi kamchiliklarning oldini olishga qaratilgan normalar, odam savdosiga qarshi kurashish sohasidagi muhim tamoyillar oʻz aksini topgan.
Qizgʻin bahs-munozaralardan soʻng qonun loyihasi ikkinchi oʻqishda qabul qilindi.
“Tilsiz guvohlar” jinoyatlarni ochadi
Chet el tajribasida jinoyatchilik bilan kurashishda genom axboroti maʼlumotlar bazasidan keng foydalaniladi. Ana shu maʼlumotlar yordamida jinoyatlarni fosh etishda yuqori samaraga erishiladi. Hozirgi kunda mamlakatimizda genom axborotini olish, toʻplash, undan foydalanish uchun qonunchilik bazasi va mexanizm mavjud emas.
Genom axboroti nima? Genom axborot deganda inson DNKsi va shaxsi aniqlanmagan jasad qoldiqlarining kodlangan axborotlarni oʻz ichiga olgan shaxsiy maʼlumotlar tushuniladi.
Genom axboroti maʼlumotlar bazasi yordamida jinoyatlarni ochish mexanizmining joriy etilishi esa fosh etish murakkab, oʻta ogʻir boʻlgan yoki muqaddam ochilmagan jinoyatlarni ochishga koʻmaklashadi, shuningdek, genom axborotining yagona maʼlumotlar bazasi yaratilishi bedarak yoʻqolgan shaxslarni topish imkonini beradi.
Deputatlar tomonidan birinchi oʻqishda muhokama qilingan “Genom boʻyicha davlat roʻyxatiga olish toʻgʻrisida”gi qonun loyihasi mazkur yoʻnalishdagi munosabatlarni huquqiy jihatdan tartibga solishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.
Deputatlarning taʼkidlashicha, ayni paytda jinoyatchilar turli hiyla-nayranglarni qoʻllab, sodir etilgan jinoyat izlarini qoldirmaslikka harakat qilmoqda. Bu esa ularni fosh etish va ochish jarayonini qiyinlashtiradi.
Qonun loyihasi bilan esa genom boʻyicha davlat roʻyxatiga olish doirasidagi vakolatli organlarning huquq va majburiyatlari, genom axborotini yigʻish, unga ishlov berish va himoya qilishning asosiy talablari, genom boʻyicha davlat roʻyxatiga olish tartibini va biologik material va genom axborotini olish, qayd etish, saqlash, undan foydalanish va uni yoʻq qilib tashlash tartibi belgilanmoqda.
Mazkur qonunning qabul qilinishi sodir etilgan jinoyatlarni biologik ashyoviy dalillar yordamida fosh etishga koʻmaklashib, sud-tergov organlarining isbotlov bazasini mustahkamlaydi.
Qonun loyihasi loyiha birinchi oʻqishda qabul qilindi.
“Xususiy bandlik agentliklari toʻgʻrisida”gi qonunga qanday oʻzgartirishlar kiritilmoqda?
“Xususiy bandlik agentliklari toʻgʻrisida”gi qonunga asosan 2018-yildan boshlab mamlakatimizda bir qator ana shunday agentliklar faoliyat yurita boshladi.
Asosan fuqarolarni chet elda ishga joylashtirish bilan shugʻullangan bu kabi agentliklar orasida halollikka amal qilmay, ularga murojaat qilgan fuqarolarning mablagʻlarini firibgarlik yoʻli bilan oʻzlashtirish holatlari ham kuzatildi. Ushbu holatlar mazkur qonunga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritishga sabab boʻldi.
Majlisida deputatlar mazkur qonun loyihasini birinchi oʻqishda koʻrib chiqdi.
Litsenziyalovchi organda xususiy bandlik agentliklari faoliyatini doimiy oʻrganib borish majburiyati ham, vakolati ham mavjud emasligi bunday agentliklar tomonidan fuqarolarni aldash yoki ishonchini suiisteʼmol qilish, fuqarolarga juda koʻp miqdorda moddiy zarar yetkazish kabi jinoyatlar sodir etildi. Xususan, oʻtgan davr mobaynida 10 xususiy bandlik agentligining rahbar va xodimlariga nisbatan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan boʻlib, ular tomonidan 7123 fuqaroga 72,3 milliard 888 million soʻm miqdorida moddiy zarar yetkazilgan.
Muhokama etilgan qonun loyihasi bilan normalar yana-da takomillashtirilib, Oʻzbekiston Respublikasidan tashqarida ish qidirayotgan shaxslarni ishga joylashtirish boʻyicha koʻrsatilgan xizmatlar uchun toʻlovlarni chet ellik ish beruvchi hisobidan amalga oshirish mexanizmini ham joriy etish nazarda tutilmoqda.
Shuningdek, xususiy bandlik agentliklari tomonidan chet eldan ish qidirayotgan shaxslarni ishga joylashtirish boʻyicha xizmatlar koʻrsatilishidan avval ularga koʻrsatiladigan xizmatlar uchun toʻlovlar undirilmasligi belgilanmoqda.

 

Nurillo NASRIYEV, OʻzA