13 yoshli farzandini 15 ming AQSH dollariga sotayotgan ayol ushlandi

Qoraqalpogʻiston Respublikasi Toʻrtkoʻl tumanidagi namunali uyda ijarada yashab kelayotgan 38 yoshli Q.K. oʻzining voyaga yetmagan 13 yoshli ikkinchi farzandini fuqaro S.E. ga 15 ming AQSH dollari evaziga sotayotgan vaqtida Beruniy tumani IIB xodimlari tomonidan ushlandi.

Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Tergov departamenti maʼlumotiga koʻra, joriy yil 19-may kuni 43 yoshli M.P. ismli fuqaro Beruniy tumani IIB ga ariza bilan murojaat qilib, unda Toʻrtkoʻl tumanida yashovchi Q.K. ismli ayol noqonuniy ravishda oʻz farzandini sotmoqchi boʻlib yurganligini bayon qilgan. Tezkor tadbir davomida voqea sodir boʻlgan joydan kimyoviy ishlov berilgan 400 AQSH dollari hamda qolgan 14 ming 600 AQSH dollari ashyoviy dalil tariqasida oʻrnatilgan tartibda olindi.Ushbu holat yuzasidan Toʻrtkoʻl tumani IIB huzuridagi Tergov boʻlimi tomonidan fuqaro Q.K.ga nisbatan Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 135-moddasi 3-qismi “a” bandi (odam savdosi) bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan. Hozirda dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.

 

Dovud ABIBULLAYEV, OʻzA