Yevropa parlamenti delegatsiyasi raisi bilan muloqot

Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisining birinchi oʻrinbosari S.Safoyev Yevropa parlamentining Markaziy Osiyo mamlakatlari va Moʻgʻuliston bilan aloqalar boʻyicha delegatsiyasi raisi F.Martushello (Italiya) bilan videokonferensiya orqali muzokara oʻtkazdi.
Muloqotda Oʻzbekiston bilan Yevropa Ittifoqi oʻrtasidagi munosabatlarni, jumladan, ikki tomonlama parlamentlararo aloqalarni rivojlantirish yuzasidan fikr almashildi.
Yevropa Ittifoqi bilan siyosiy muloqotni rivojlantirish va iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish mamlakatimiz tashqi siyosatining muhim yoʻnalishlaridan biridir. Soʻnggi paytlarda tomonlar oʻrtasidagi munosabatlar yangicha ruhda rivojlanmoqda. Prezident Sh.Mirziyoyevning shu yil aprel oyida Yevropa kengashi rahbari Sh.Mishel bilan oʻtkazgan telefon muloqoti bundan dalolatdir.
Muzokara chogʻida F.Martushello Oʻzbekistonda koronavirus tarqalishiga qarshi kurashish boʻyicha koʻrilayotgan chora-tadbirlardan xabardor etildi. Pandemiyaning mamlakatimiz ijtimoiy-iqtisodiy rivojiga taʼsirini kamaytirish uchun Oʻzbekistonga 36 million yevro miqdorida moliyaviy yordam taqdim etishga tayyorligi uchun Yevropa Ittifoqiga minnatdorlik bildirildi.
Yevroparlament delegatsiyasi raisi COVID-19 pandemiyasiga qarshi kurashish boʻyicha mamlakatimiz rahbariyati tomonidan koʻrilayotgan chora-tadbirlarni yuqori baholadi. Uning soʻzlariga koʻra, Oʻzbekiston rahbariyatining inqirozga qarshi chora-tadbirlari samaradorligi keyingi yillarda olib borilgan islohotlar dasturi bilan bogʻliq .
Oʻzbekiston xorijiy davlatlarga, jumladan, Yevropa Ittifoqi aʼzosi Vengriyaga koronavirusga qarshi kurashish uchun insonparvarlik yordami koʻrsatgani alohida qayd etildi. Yevroparlament deputati shu yil mart oyida Toshkentda kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik bitimi loyihasi yuzasidan oʻtkazilgan Oʻzbekiston – YEI muzokaralari yakunlariga ijobiy baho berdi. Mazkur muzokaralar davomida tomonlar ushbu keng qamrovli loyihaning koʻplab muhim masalalarini kelishib oldi.
F.Martushello Oʻzbekistonning GSP+ preferensial savdo maqomiga ega boʻlishi mamlakatimizdagi islohotlar siyosati qoʻllab-quvvatlanishini koʻrsatuvchi muhim qadam boʻlishiga qoʻshildi. GSP+ maqomi 6 mingdan ziyod nomdagi mahsulotlarni Yevropa Ittifoqiga bojsiz eksport qilish imkonini beradi.
Muloqot chogʻida “Oʻzbekiston – YEI” parlamentlararo hamkorlik qoʻmitasining navbatdagi majlisini Bryussel shahrida oʻtkazish masalalari ham muhokama etildi.

 

OʻzA