Xalqaro hamkorlik
Xitoy Xalq Respublikasi mamlakatimizga navbatdagi insonparvarlik yordamini joʻnatdi. Xitoy harbiy aviatsiyasi tomonidan Toshkent xalqaro aeroportiga olib kelingan tibbiyot vositalari Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi mutasaddilari tomonidan qabul qilib olindi.
Koronavirus pandemiyasi sharoitida dunyo hamjamiyatida doʻstona aloqalar, xayrixohlik munosabatlari yana-da chuqurroq ildiz otmoqda. Xitoy Xalq Respublikasi tomonidan Oʻzbekiston Mudofaa vazirligiga taqdim etilgan begʻaraz yordam ham ana shu fikrning yana bir isbotidir.
Xitoy harbiy samolyoti bortida jami 2,5 tonnaga yaqin 13 turdagi tibbiyot vositalari olib kelindi. Ular asosan yuqumli kasalliklardan himoyalovchi tibbiyot niqoblari, koʻzoynaklar, maxsus kiyimlar, masofadan turib tana haroratini oʻlchovchi termometr, dezinfeksiyalovchi apparat kabi eng zarur buyum va vositalardan tashkil topgan.
Mazkur insonparvarlik yordamini topshirish marosimida Xitoy Xalq Respublikasining Oʻzbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Szyan Yan, Xitoy Xalq Respublikasining Oʻzbekistondagi harbiy attashesi, katta polkovnik Syuy Chanchji yildan-yilga rivojlanib borayotgan Oʻzbekiston–Xitoy aloqalari birinchi navbatda ikki davlat rahbarlarining oliy darajadagi uchrashuvlarining samarasi ekanini taʼkidladi.
– Xitoy va Oʻzbekiston oʻrtasidagi xalqaro hamkorlik hozirgi epidemiya davrida ikki xalqning bir-biriga oʻzaro koʻmak berishga doim tayyorligini koʻrsatdi, – dedi Xitoy Xalq Respublikasining mamlakatimizdagi Favqulodda va muxtor elchisi Szyan Yan xonim. – Ulugʻ mutafakkir Alisher Navoiy aytganidek, doʻsting uzoqda boʻlsa ham, koʻngli yaqin boʻladi. Taʼkidlash kerakki, ikki mamlakat oʻrtasida barcha jabhalarda har tomonlama mustahkam, doʻstona aloqalar yoʻlga qoʻyilgan. Biz birgalikda, albatta, bu virus ustidan gʻalaba qozonamiz.
“Vatanparvar” gazetasi muxbiri
D. ROʻZIQULOV
OʻzA uchun maxsus tayyorladi.
O’zA