Konstitutsiyamizda belgilangan qonun ustuvorligi prinsipi jamiyatimizda inson huquq va erkinliklarini ta’minlash, barcha islohotlarni samarali amalga oshirishning muhim kafolati bo‘lib xizmat qilmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudida O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganligining 25 yilligi munosabati bilan tashkil etilgan tadbirda shular haqida so‘z yuritildi.

Oliy sud raisi K.Komilov va boshqalar Bosh qomusimiz xalqimiz qo‘lga kiritgan ulkan muvaffaqiyatlar, mamlakatimizning barqaror taraqqiyot yo‘liga chiqib olishida mustahkam zamin bo‘layotganini ta’kidladi. Konstitutsiyada belgilangan inson, uning hayoti, erkinligi, sha’ni, qadr-qimmati va boshqa daxlsiz huquqlari oliy qadriyat hisoblanishini amalda to‘liq ta’minlashda sud hokimiyati muhim o‘rin tutayotir.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan ishlab chiqilgan 2017-2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasi qonun ustuvorligini ta’minlash va sud-huquq tizimini yanada isloh qilishda yangi bosqichni boshlab berdi.

O‘tgan davrda sudyalarning mustaqil faoliyat yuritishini ta’minlashga qaratilgan muhim chora-tadbirlar amalga oshirildi. Xususan, sudyalarning ijtimoiy muhofazasini kuchaytirish maqsadida ularning ish haqi bir necha barobar oshirildi. Soha vakillari jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘idan ozod qilindi.

Jamiyatda adolat barqarorligi va qonun ustuvorligiga erishishda sudya va sud xodimlari zimmasiga yuksak mas’uliyat yuklangan. Ushbu maqsad yo‘lida fidoyilik ko‘rsatib kelayotgan xodimlar mehnati davlatimiz tomonidan doimo yuksak qadrlanmoqda.

Vatanimiz mustaqilligining 26 yilligi arafasida Prezidentimiz farmoni bilan bir guruh sudyalar davlatimizning yuksak mukofotlari bilan taqdirlandi. Tadbirda ana shu mukofotlar hamda davlatimiz rahbarining 2017-yil 10-oktabrdagi farmoniga muvofiq ta’sis etilgan “O‘zbekiston Konstitutsiyasiga 25 yil” esdalik nishonlari tantanali ravishda topshirildi.

 

Norgul Abduraimova, O‘zA