O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati raisi Tanzila Norboeva xalq deputatlari Jizzax viloyati kengashi deputatlari bilan o‘tkazgan ochiq muloqotida shu haqda gapirdi.
Parlament yuqori palatasining raisi Tanzila Norboeva deputatlar huzurida qilgan ma’ruzasida mahalliy kengashlar oldida Prezidentimizning Oliy Majlisga taqdim etgan Murojaatnomasidan kelib chiqadigan dolzarb vazifalariga batafsil to‘xtaldi. Viloyat, tuman, shahar kengashlari faoliyatini jonlantirish vaqti kelganligiga alohida urg‘u berildi.
Saylovchilarning ishonchini oqlashda, Murojaatnomada belgilab berilgan vazifalarni amalga oshirishda barcha darajadagi deputatlardan katta mas’uliyat talab etiladi. Endi xalq deputatlari kengashlari ham, ularning doimiy komissiyalari ham o‘z ish uslublarini tubdan o‘zgartirishlari kerak. Yaqin va uzoq istiqboldagi vazifalar ijrosini ta’minlash, xalq farovonligini yuksaltirish, saylovchilar tomonidan saylovoldi uchrashuvlarida ko‘tarilgan muammolarni hal etish bilan izchil shug‘ullanish ularni ish faoliyatining bosh mezoniga aylanishi darkor.
Senat raisi o‘z chiqishida endi har oyda mahalliy Kengashlarda davlat organi rahbarlarining aholi murojaatlari bilan ishlash, qonun, farmon va qarorlarda belgilangan vazifalarni ijro etish yuzasidan mas’ul idora va tashkilotlarning axborotlari eshitilib, faoliyati qoniqarsiz deb topilgan rahbarlarga tegishli choralar ko‘rish amaliyoti joriy etilishi zarurligini aytib o‘tdi. Prezidentimiz tomonidan Kengash so‘rovi institutini joriy etish taklifi kiritilgani va bu bo‘yicha ham qonunchilikka o‘zgartirish kiritish yuzasidan ishlar boshlab yuborilganligini ta’kidladi.
– Yangi O‘zbekistonni barpo etish faqat maqsadning o‘zigina emas, aniq harakatlarda o‘z aksini topayotir, – dedi T.Norboeva. – So‘nggi yillarda erkinlik, ochiqlik hayotimizning mazmuniga aylanib borayotganligini xalqimiz endi o‘z hayotida his etmoqda. Bu mamlakatimizda olib borilayotgan demokratik islohotlar samarasidir. Bugungi kunda odamlar emin-erkin o‘z muammolarini davlat idoralari oldiga ko‘ndalang qo‘ymoqda. Deputatlar ana shu o‘zgarishlarning tashkilotchisi, tashabbuskori bo‘lmog‘i kerak. Buning uchun xalq deputatlari kengashlari katta vakolatlarga ega.
Anjumanda, shuningdek, deputat so‘rovi, jamoatchilik nazoratini kuchaytirish, ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi qatlamiga g‘amxo‘rlikni oshirish, joylarda deputatlar xonasi faoliyatini yo‘lga qo‘yish va boshqa masalalar yuzasidan fikr-mulohazalar bildirildi.
Yig‘ilishda so‘z olgan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati a’zolari Nusratulla Pardaev, Xolida Alimova, xalq deputatlari viloyat Kengashining agrar, suv xo‘jaligi va ekologiya bo‘yicha doimiy komissiyasi raisi Erkin Ergashev, viloyat Kengashi deputatlari Abdumajid Sattorov, Tal’at Usmonov va boshqalar mahalliy Kengashlar faoliyatini yanada takomillashtirish yuzasidan o‘zlarining amaliy takliflarini bildirdi.
Uchrashuv yakunida Jizzax viloyati hokimi Ergash Soliev Senat Raisi bilan o‘tkazilgan muloqot xalq deputatlari mahalliy Kengashlari faoliyatida muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidladi.
T. BEKNAZAROV, J. YoRBEKOV (surat), O‘zA