Bugun Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) Yevropa mintaqaviy byurosi direktori Xans Klyuge O‘zbekiston sog‘liqni saqlash vazirligida brifing o‘tkazdi.
Aytish joizki, mazkur byuro dunyoning turli hududlarida joylashgan oltita mintaqaviy idoralarning biri bo‘lib, unga 53 mamlakat, jumladan O‘zbekiston ham a’zo hisoblanadi.
O‘zbekistonda JSSTning vakolati mavjud bo‘lib, sog‘liqni saqlash tizimiga yaxlit yondoshuv asosida barqaror sog‘liqni saqlash siyosatini ishlab chiqishda yordam ko‘rsatish uning asosiy vazifasi hisoblanadi. Shuningdek, umumiy yetakchilikni ta’minlash, mahalliy darajada texnik aloqalarni o‘rnatish, standartlarni belgilash va shartnomalar tuzish, inqiroz davrida sog‘liqni saqlash tadbirlarini muvofiqlashtirish va amalga oshirish kabi vazifalarni ham qamrab olgan.
JSST va O‘zbekiston sog‘liqni saqlashning muhim masalalarida yaqindan hamkorlik qilib kelmoqda. Xususan, O‘zbekistonda 2019-2025 yillarda O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash tizimini rivojlantirish konsepsiyasini yaratishda JSST ekspertlarining ulkan yordamini ta’kidlash joiz.
Brifingda mazkur tashkilot bilan O‘zbekiston o‘rtasida sog‘liqni saqlash sohasida olib borilayotgan hamkorliklar haqida batafsil ma’lumot berildi. Xans Klyuge JSST, jumladan uning Yevropa mintaqaviy byurosi O‘zbekistonda Prezidentimiz rahbarligida amalga oshirilayotgan islohotlarni, xususan sog‘liqni saqlash sohasida amalga oshirilayotgan loyihalarni har tomonlama qo‘llab quvvatlashini ta’kidladi.
Shu kuni O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi va JSTning Yevropa mintaqaviy byurosi o‘rtasida 2020-2021 yillarga mo‘ljallangan ikki yillik hamkorlik shartnomasi imzolandi. Ushbu hujjat O‘zaro maslahatlashuv asosida ishlab chiqilgan bo‘lib, hamkorlik uchun asos bo‘lib xizmat qiladi.
JSTning Yevropa mintaqaviy byurosi direktori Xans Klyuge rahbarligidagi delegatsiya a’zolarining yurtimizga tashrifi davom etmoqda.
Saidmurod RAHIMOV, O‘zA