Xitoy Xalq Respublikasi Raisi
Si Szinpin
Janobi Oliylariga
Janobi Oliylari,
Xitoyda yangi turdagi koronavirus sababli kelib chiqqan kasallik tarqalishining fojiali oqibatlari toʻgʻrisidagi tashvishli xabarlar Oʻzbekiston Respublikasida alohida xavotir va qaygʻu bilan qabul qilinmoqda.
Oʻzbekiston xalqi nomidan va shaxsan oʻz nomimdan koʻplab insonlarning halok boʻlgani munosabati bilan doʻst Xitoy Xalq Respublikasi xalqiga chuqur hamdardlik bildiraman, barcha jabrlanganlarning tez fursatda shifo topishini tilayman.
Ushbu ogʻir damlarda Oʻzbekiston xalqi sizga yelkadosh boʻlib, xitoylik doʻstlarga chin dildan qaygʻudosh ekanini alohida taʼkidlashni istardim.
Sizning rahbarligingiz ostida ushbu xavfli pandemiyaga qarshi kurashish borasida koʻrilayotgan mardona saʼy-harakatlar va samarali chora-tadbirlarni yuksak qadrlaymiz va toʻliq qoʻllab-quvvatlaymiz. Ushbu umumiy xatarni bartaraf etish maqsadida zarur koʻmak koʻrsatishga intilamiz.
Oʻzbekiston hukumati ushbu kasallik tarqalishiga birgalikda qarshi kurashish choralarini Xitoy bilan yaqindan muvofiqlashtirishga tayyor.
Yana bir bor chuqur hamdardlik izhor etib, Sizning qatʼiy harakatlaringiz tufayli buyuk xitoy xalqi ushbu qiyinchiliklarni tez fursatda munosib yengib oʻtishiga ishonch bildiraman.
Chuqur hurmat ila,
Shavkat Mirziyoyev
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti
OʻzA