Qozog‘iston O‘zbekistonga Xitoyning JAC krossoverlarini yetkazib beradi

Qozog‘iston bilan O‘zbekiston “Sariarka Avto Prom” TOO maydonida birgalikda ishlab chiqarilayotgan avtomobillar eksporti hajmini oshirishga kelishib oldi, deb ma’lum qildi “NewTimes.kz” axborot agentligi “KazakhExport” AJ matbuot xizmati xabariga tayangan holda.
Hamkorlik haqidagi bitimni KazakhExport eksport-sug‘urta AJ kompaniyasi boshqaruvi raisi Ruslan Is’haqov va O‘zavtosanoat AJ rahbari Shavkat Umurzaqov imzoladi. Hujjat imzolash marosimi Chevrolet modellari ko‘rgazmasida bo‘lib o‘tdi. Xabarda aytilishicha, ushbu uchrashuvda Qozog‘iston Respublikasi bosh vaziri Asqar Mamin ham hozir bo‘lgan.
Ushbu hujjat Qozog‘iston avtomobillarini O‘zbekiston Respublikasiga eksport qilishni moliyalashtirishda KazakhExportning moliya-sug‘urta instrumentlaridan foydalanishni nazarda tutadi. Imzolangan hujjat doirasida 11,8 million dollarlik 766 dona JAC S3 va JAC S5 markasidagi avtomobillarni O‘zbekiston bozoriga yetkazib berish bo‘yicha savdo kelishuviga erishildi.
Xitoyning JAC S3 krossoverlari ilk bor Qozog‘istonga 2013 yilda kirib kelgan edi, 2017 yilga kelib, mazkur modellar Qozog‘istonda ishlab chiqarila boshladi.

 

O‘zA