Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarni rivojlantirish agentligini tashkil etish toʻgʻrisida

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining

f a r m o n i

Oʻtgan davr mobaynida uzluksiz taʼlim tizimini yanada takomillashtirish, sifatli taʼlim xizmatlaridan foydalanish imkoniyatlarini oshirish, mehnat bozorining zamonaviy talablariga muvofiq yuqori malakali kadrlar tayyorlash boʻyicha keng koʻlamli chora-tadbirlar amalga oshirildi.

Shu bilan birga, iqtidorli yoshlar bilan ishlashning yagona va samarali tizimini yaratish, yosh avlodning isteʼdodi va salohiyatini roʻyobga chiqarish uchun bunday yoshlarning tashabbuslarini qoʻllab-quvvatlash, ilgʻor xorijiy tajribalar talablari asosida darsliklar va oʻquv-uslubiy qoʻllanmalarni, shu jumladan, elektron shaklda nashr etish, shuningdek, xalqaro maydonda mamlakatimiz manfaatlarini professional va yuqori darajada munosib ifoda eta oladigan, talab yuqori boʻlgan mutaxassislarni tayyorlashni taʼminlash boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlarni amalga oshirish zarur boʻlmoqda.

Iqtidorli yoshlarni aniqlash, tanlash, oʻqitish va tarbiyalash, yosh isteʼdodlarni yanada qoʻllab-quvvatlash va ragʻbatlantirish, darsliklar va oʻquv-uslubiy qoʻllanmalarni tayyorlash va nashr etishdagi muammolarni bartaraf qilish ishlarini sifat jihatidan yangi bosqichga koʻtarish, shuningdek, umumtaʼlim muassasalari faoliyatini boshqarish va tashkil etishning maxsus tizimini yaratish maqsadida:

1. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarni rivojlantirish agentligi (keyingi oʻrinlarda – Agentlik) tashkil etilsin.

2. Quyidagilar Agentlikning idoraviy boʻysunuviga oʻtkazilsin:

Prezident maktablari;

tasdiqlangan shtat jadvalini va ularni moliyalashtirishning amaldagi tartibini saqlab qolgan holda Xalq taʼlimi vazirligining hududiy organlari huzuridagi Abdulla Oripov, Hamid Olimjon va Zulfiya, Muhammad Yusuf, Ibroyim Yusupov, Erkin Vohidov, Muhammad Rizo Erniyozbek oʻgʻli Ogahiy, Halima Xudoyberdiyeva va Abdulla Qodiriy nomidagi ijod maktablari, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi huzuridagi Isʼhoqxon Ibrat nomidagi ijod maktabi (keyingi oʻrinlarda – ijod maktablari);

Oʻzbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi huzuridagi Muhammad al-Xorazmiy nomidagi axborot-kommunikatsiya texnologiyalari yoʻnalishiga oid fanlarni chuqurlashtirib oʻqitishga ixtisoslashtirilgan maktab hamda Oʻzbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi huzuridagi Mirzo Ulugʻbek nomidagi ixtisoslashtirilgan davlat umumtaʼlim maktab-internati va Abu Ali Ibn Sino nomidagi yosh biologlar va kimyogarlar ixtisoslashtirilgan maktab-internati (keyingi oʻrinlarda – ixtisoslashtirilgan maktablar).

3. Quyidagilar Agentlikning asosiy vazifalari etib belgilansin:

Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarda yoshlarni aniqlash, tanlash, oʻqitish va tarbiyalash sohasida yagona davlat siyosatini ishlab chiqish va uni samarali amalga oshirish;

davlat taʼlim standartlariga muvofiq Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablar faoliyatini yagona shaklda muvofiqlashtirish va uslubiy rahbarlikni amalga oshirish;

Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarning oʻquv-tarbiyaviy jarayoniga ilgʻor taʼlim shakllari, pedagogik texnologiyalar va axborot yangiliklarini joriy etish;

Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablar oʻquvchilarida vatanparvarlik va Vatanga muhabbat, bagʻrikenglik tuygʻularini, qonunlarga, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga nisbatan hurmatni shakllantirish, ularning maʼnaviy, axloqiy, intellektual va jismoniy rivojlanishi darajasini yanada oshirish;

xalqaro tashkilotlar va ekspertlarni jalb qilgan holda Prezident,
ijod va ixtisoslashtirilgan maktablar pedagogik kadrlarini tanlash, tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirishning ilgʻor va shaffof tashkiliy-huquqiy mexanizmlarini joriy etish;

Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarni rivojlantirish sohasidagi normativ-huquqiy bazani takomillashtirish va uygʻunlashtirish boʻyicha takliflar tayyorlash;

Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, ushbu muassasalardagi bino va inshootlardan foydalanish boʻyicha ishlarni monitoring qilish va muvofiqlashtirish.

4. Belgilab qoʻyilsinki:

Agentlik respublika davlat boshqaruvi organi hisoblanadi;

Agentlikning oʻz vakolati doirasida qabul qilgan qarorlari barcha davlat organlari va boshqa tashkilotlar, mansabdor shaxslar va fuqarolar uchun majburiydir;

Oʻzbekiston Respublikasi Davlat byudjeti mablagʻlari va qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar Agentlik faoliyatini moliyalashtirish manbalari hisoblanadi;

Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablar uchun oʻrnatiladigan davlat taʼlim standartlari Agentlik tomonidan tasdiqlanadi;

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi qoshidagi “Oʻqituvchi” ilmiy-uslubiy nashriyot markazi (keyingi oʻrinlarda – Markaz) Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablar uchun darsliklar va oʻquv-uslubiy qoʻllanmalarni tayyorlash va nashr etish bilan bogʻliq ishlarni muvofiqlashtiradi;

Markaz Agentlik buyurtmasi asosida davlat xaridlari toʻgʻrisidagi qonun hujjatlariga muvofiq darsliklar, oʻquv-uslubiy qoʻllanmalarning, shu jumladan, elektron koʻrinishda tayyorlanishi va nashr etilishini taʼminlaydi va ular keyinchalik Agentlik tomonidan tasdiqlanadi.

5. Agentlik ish samaradorligining quyidagi eng muhim koʻrsatkichlari belgilansin:

Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarning oʻquvchilarida, shu jumladan, vatanparvarlik, Vatanga beqiyos muhabbat va sodiqlik tuygʻularini, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga nisbatan chuqur hurmatni shakllantirishga yoʻnaltirilgan taʼlim-tarbiya jarayoni sifatini oshirish;

Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablar bitiruvchilarining davlat va chet tillarini mukammal bilishi;

Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarga malakali va tajribali, chuqur bilimlarga ega, davlat va chet tillarini, zamonaviy pedagogik texnologiyalari va oʻqitishning innovatsion uslublarini biladigan pedagoglarni jalb qilish;

Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablar bitiruvchilarining oliy taʼlim muassasalarida taʼlim olishni davom ettirishlari uchun, shu jumladan, ixtisoslashtirilgan oliy taʼlim tizimining faoliyat yuritishi orqali kerakli sharoitlarni yaratish;

Prezident maktablari bitiruvchilarining kamida 20 foizi xalqaro tan olingan tashkilotlar reytingida oliy taʼlim muassasalari orasida dastlabki 1 000 ta pogʻonani egallagan yetakchi xorijiy oliy taʼlim muassasalariga oʻqishga kirishi;

Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablar bitiruvchilariga davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari, respublika ahamiyatiga ega boshqa tashkilotlar, diplomatik vakolatxonalar, yirik kompaniya va birlashmalarga ishga joylashishda koʻmaklashish;

oʻqitishning innovatsion shakl va uslublarini joriy qilgan holda talab yuqori boʻlgan taʼlim yoʻnalishlari boʻyicha ijod va ixtisoslashtirilgan maktablar sonini koʻpaytirish;

barcha Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarda milliy va jahon adabiyoti, musiqa, kino, haykaltaroshlik, amaliy sanʼat va boshqa ijodiy yoʻnalishlardagi asarlarga ega boʻlgan zamonaviy kutubxonalarning ishlashi;

Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarda oʻquv-uslubiy jarayonni avtomatlashtirishni taʼminlash va ularni yuqori tezlikdagi Internet tarmogʻiga ulash;

Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablar oʻquv jarayoniga taʼlimning ilgʻor shakllarini, pedagogik texnologiyalar va axborot yangiliklarini joriy etish maqsadida xorijiy taʼlim tashkilotlari bilan yaqin hamkorlikni yoʻlga qoʻyish;

Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarni zamonaviy sport zal, inventar, uskuna va boshqa jihozlar bilan taʼminlash.

Agentlik manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ushbu bandda nazarda tutilgan maqsadli koʻrsatkichlarni oʻz vaqtida bajarish va ularga erishish boʻyicha choralar koʻrsin.

6. Agentlik huzurida Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarni rivojlantirish jamgʻarmasi (keyingi oʻrinlarda – Jamgʻarma) tashkil etilsin va uni shakllantirish manbalari etib quyidagilar belgilansin:

jismoniy va yuridik shaxslarning, shu jumladan, Oʻzbekiston Respublikasi norezidentlarining homiylik xayriyalari;

xalqaro moliya tashkilotlari va xorijiy davlatlarning grantlari
va texnik koʻmak koʻrsatish mablagʻlari;

Jamgʻarmaning vaqtincha boʻsh turgan mablagʻlarini joylashtirishdan olingan daromadlar;

qonun hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa tushumlar.

Bunda mazkur Farmonning 2-bandida nazarda tutilgan Agentlik boʻysunuviga oʻtkaziladigan tashkilotlarni taʼminlash uchun Oʻzbekiston Respublikasi Davlat byudjetidan mablagʻlar ajratiladi.

Belgilansinki, Jamgʻarma mablagʻlari quyidagilarga yoʻnaltiriladi:

Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarni qurish, rekonstruksiya qilish va kapital taʼmirlash, shu jumladan, zarur hollarda oʻquv ustaxonalari va laboratoriyalari, sport zallari, maydonchalar va boshqa infratuzilma obyektlarini tashkil etgan holda oʻquv korpuslarini kengaytirish ishlarini moliyalashtirish;

Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarni zamonaviy talablarni hisobga olgan holda va tasdiqlangan meʼyorlardan kelib chiqib, eng yangi oʻquv-laboratoriya, ilmiy, ishlab chiqarish va sport jihozlari, musiqa asboblari, kompyuter texnikasi, mebel va asbob-uskunalar bilan jihozlash (qoʻshimcha jihozlash) ishlarini moliyalashtirish;

Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarda zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini va dasturiy mahsulotlarni joriy etish;

Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarda oʻquv-uslubiy rahbarlikni taʼminlash, taʼlim jarayonini yuritish boʻyicha xizmat koʻrsatuvchi ixtisoslashgan xorijiy tashkilotlar xizmatiga haq toʻlash;

Agentlikka yuqori malakali mutaxassislarni, shu jumladan, xorijiy ekspertlarni va chet elda istiqomat qilayotgan vatandoshlarimizni fuqarolik-huquqiy shartnoma asosida ishlash uchun jalb qilish;

Agentlik faoliyatini takomillashtirishga qaratilgan boshqa chora-tadbirlar.

7. Belgilansinki, Agentlik Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablar faoliyatini moliyalashtirish uchun Oʻzbekiston Respublikasi Davlat byudjetidan ajratiladigan mablagʻlarning tasarruf etuvchisi hisoblanadi.

8. Agentlik, Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi, Moliya vazirligi va Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasining 2020/2021 oʻquv yilidan boshlab quyidagilarni nazarda tutuvchi tartibni oʻrnatish toʻgʻrisidagi takliflari maʼqullansin:

ijod maktablarida har bir sinfdagi oʻquvchilar soni 20 nafarni tashkil qiladi, 7-sinflarga qabul qilish esa ijodiy tanlovlar, test va boshqa sinovlar asosida amalga oshiriladi;

ijod maktablarida oʻquvchilar sonidan qatʼiy nazar, 1 shtat birligida kutubxonachi lavozimi kiritiladi;

Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi aʼzolari muntazam ravishda ijod maktablarida oʻquvchilarning ijodiy isteʼdodini rivojlantirishga qaratilgan mashgʻulotlar olib boradi;

ijod maktablarida oʻqituvchilik faoliyati bilan shugʻullanayotgan Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi aʼzolari mehnatiga haq toʻlash umumiy oʻrta taʼlim maktablari oʻqituvchilari mehnatiga soatbay haq toʻlashga muvofiq amalga oshiriladi.

Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasiga bir oy muddatda ijod maktablarini milliy va jahon adabiyoti, musiqa, kino, haykaltaroshlik, amaliy sanʼat va boshqa ijodiy yoʻnalishlardagi 100 ta eng yaxshi asarlar (bestsellerlar) bilan taʼminlash tavsiya etilsin.

9. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi Oʻzbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi bilan birgalikda 2020-yil 1-yanvarga qadar ijod maktablarining kutubxonalarini Alisher Navoiy nomidagi Oʻzbekiston Milliy kutubxonasi axborot-resurs bazasiga ulanishini taʼminlasin.

10. Toshkent viloyati hokimligi va “Chorvoq” erkin turistik zonasi direksiyasi” DUK Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qoʻmitasi bilan birgalikda bir oy muddatda Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablar oʻquvchilari uchun yozgi sport-sogʻlomlashtirish oromgohi, shuningdek, Agentlik va Markaz xodimlari uchun dam olish zonasi qurilishi uchun qulay tabiiy sharoitlarga ega yer uchastkasini ajratish boʻyicha takliflarni Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.

11. Vazirlar Mahkamasi bir hafta muddatda Agentlik faoliyatini tashkil qilish toʻgʻrisida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti qarori loyihasini kiritsin.

Xalq taʼlimi vazirligi ikki oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu Farmondan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

12. Mazkur Farmonning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi A.A.Abduvaxitov va Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari A.A.Abduhakimov zimmasiga yuklansin.

Oʻzbekiston Respublikasi
Prezidenti                                                Sh.MIRZIYOYEV

Toshkent shahri,

2019-yil 9-sentyabr

 

OʻzА