Futbol: Pro B Ligada nima gaplar?

Kecha Pro B Ligada 18-tur oʻyinlari boʻlib oʻtdi.
“Ittifoq-Buxoro” hamda “Zarangari” (Gʻijduvon) jamoalarining musobaqadan chetlashtirilganligi evaziga “Gʻarb” mintaqasidagi oʻyinlar soni qisqargan. Har bir turda uchtadan oʻyin oʻtkazilishini inobatga olganda, bu mintaqaning mavsumi “Sharq”qa nisbatan barvaqtroq yakunlanishi bor gap.
Mavsum boshida Buxoro viloyatining Gʻijduvon tumanidan uchta jamoa kuchlilar safida toʻp surishi muxlislardan tashqari, mutaxassislarni ham tashvishga solgandi. PFL mutaxassislari jamoalar manzillariga tashrif buyurib, ahvol bilan tanishganlarida mazkur klublar mutasaddilari imkon qadar sharoitlarini yaxshilashi, iqtisodiy masalalarda ham muammolar boʻlmasligiga vaʼda berishgan, kafolat bilan ishontirgandi. Biroq “buzoqning yugurgani somonxonagacha” boʻldi. Hali mavsum yarmiga kelmay bir tumanning ikki vakili “ortga chekindi” – musobaqani tark etdi. Tumanning yagona vakili “Gʻijduvon” rahbarlari har qalay soʻzining ustidan chiqishdi – chempionatda yurishlarini davom ettirishyapti. Biroq “Gʻijduvon”ning oʻyinlari gʻijduvonlik futbol muxlislariga manzur kelmayaptimikan, degan savol tugʻiladi. Buni PFLning rasmiy saytidagi maʼlumot boʻyicha “Gʻijduvon” – “Yangiyer” oʻyiniga stadionga atigi sakkiz (!) nafar tomoshabin tashrif buyurgani bilan izohlash mumkin.
Gʻijduvonliklarni balki yangiyerlik futbolchilarning oʻyinlari qiziqtirmas, dersiz. Lekin bir tur oldin “Yangiyer”ning oʻz maydonidagi “Orol”ga qarshi kechgan oʻyinini ham bor-yoʻgʻi toʻrt (!) nafar tomoshabin kuzatganini nima bilan izohlash mumkin? Bu toʻrt nafar muxlis ham qaysidir futbolchining akasi yoki ukasi ekanligini inobatga olsak, “Yangiyer”ning birorta ham ishqibozi yoʻq ekanda, degan savol tugʻilishi tabiiy. Vaholanki, “Yangiyer” ham mavsum avvalida OʻzPFL vakillariga osmon-osmon vaʼdalarni bergan, butun sirdaryolik futbol ishqibozlarining talabi uchun maydonga tushishlarini taʼkidlagandi. Toʻgʻri, yangiyerliklar peshqadamlar orasida yuribdi, lekin “futbol kim uchun va nima uchun”, degan savolga javob topisha olmayotganliklari turgan gap.
“Gʻarb” mintaqasida shuningdek, Navoiyning “Ittifoq” hamda Narpay tumanining “Zirabuloq” jamoalaridagi vaziyat ham maqtagudek emas. Har ikkala jamoa ham turnir jadvalining eng quyi qismida borishmoqda. Ularning kecha boʻlib oʻtgan oʻzaro oʻyinida kutilmaganda mezbon hisoblangan “Zirabuloq” jamoasi gʻalaba qozondi. Bir tur oldin shu maydonda mezbon sifatida harakat qilgan “Zirabuloq” “Gʻijduvon”ga magʻlub boʻlgandi, bu gal esa “mehmon” boʻlsa-da, yirik hisobda yutuqqa erishdi. “Qizilqum”ning oʻrinbosarlar guruhi toʻp suradigan Navoiyning Karmana shahridagi “Yoshlik” stadionidan galma-gal “Ittifoq” ham, “Zirabuloq” ham foydalanib turadi.
Xullas, 18-turga kelib “Gʻarb” mintaqasini 34 ochko bilan “Zomin” jamoasi boshqarib boryapti. Ikkinchi va toʻrtinchi oʻrinlarda borayotgan “Yangiyer” (28 ochko), “Gʻijduvon” (24 ochko) va “Orol” (22 ochko) jamoalari orasidagi tafovut u qadar katta emas. Peshqadamdan tashqari sovrinli oʻrinlar uchun kurashayotgan jamoalarning istalgan natijasi ularning jadvaldagi oʻrinlariga taʼsir koʻrsatishi hech gap emas. Soʻnggi pogʻonalarda “jon saqlayotgan” “Ittifoq” (9 ochko) va “Zirabuloq” (7 ochko) jamoalarini ham atigi ikki ochko ajratib turibdi.
“Gʻarb” mintaqasida boʻlib oʻtgan uchrashuvlar natijalari:
 
“Zomin” – “Orol” – 2:0
 
“Gʻijduvon” – “Yangiyer” – 2:4
 
“Ittifoq N” – “Zirabuloq” – 0:3
Mazkur mintaqada 12ta gol bilan “Zomin” aʼzosi Shohjahon Abbosov toʻpurarlar safida peshqadamlik qilyapti. Jonibek Koʻchimov (“Zomin”) va Asliddin Abdiyev (“Yangiyer”) ixtiyorida 8 tadan gol bor.
“Sharq” mintaqasida “sokin hayot” hukm surayotgandek. Mavsumning yarmidan koʻpida Yaypanning “Turon” hamda Shahrixonning “Rash-Milk” jamoalari yuqori oʻrinlarni band etib keldi. “Turon”ku hamon gʻolibona yurishini davom ettiryapti. Lekin soʻnggi turlarga kelib “Rash-Milk” oʻyinida pasayish kuzatildi. Oqibatda “Bunyodkor-2” va “Lokomotiv-BFK” jamoalari “otga qamchi urib”, oldinga oʻtib olishdi. “Turon” va “Rash-Milk” jamoalari qanday natija qayd etishmasin, ularning muxlislari jamoalarini yolgʻizlatib qoʻyishmayapti. Aksincha, stadionlarga tashrif buyurayotgan tomoshabinlari soni boʻyicha nafaqat Pro liganing A yoki B guruhlari, balki Superliganing baʼzi jamoalarinida ortda qoldirmoqda. Ayniqsa, “Rash-Milk”ning Andijon shahrida oʻtkazgan ijara oʻyinlaridan soʻng oʻz uyiga qaytishi shahrixonlik futbol shinavandalari uchun ayni muddao boʻldi. Jamoa garchi sovrindorlar safini vaqtincha boʻlsa-da tark etishiga qaramay, stadionga kelayotgan muxlislarning soni Pro-liganing A va B guruhidagi rekord natijalarni koʻrsatyapti.
Bu mintaqada “Turon” 18-turdan keyin 42 ochko bilan yaqin taʼqibchisini katta farq bilan ortda qoldirib ulgurdi. Sovrinli ikkita joy uchun esa uchta jamoa kurash olib boryapti. Ikkinchi va toʻrtinchi oʻrinlardagi jamoalarni atigi uch ochko ajratib turibdi. “Lokomotiv-BFK”da 35 ochko yigʻilgan boʻlsa, “Bunyodkor-2” va “Rash-Milk” jamoalari 32 ochkodan toʻplagan. Faqat toʻplar nisbatidagi farq poytaxtliklarni yuqoriga koʻtarib qoʻygan. 5-oʻrinda 23 ochko bilan “Rubin” borayotgan boʻlsa, 6-oʻrin 15 ochkoga ega “Yashnobod”ga tegishli. “Chigʻatoy”da 13 ochko mavjud. Turnir jadvalining soʻnggi pogʻonasini esa mavsum boshidan buyon “Andijon-2” jamoasi hech kimga bermay kelmoqda (9 ochko).
Kecha boʻlib oʻtgan oʻyinlarda qayd etilgan natijalar:
 
“Lokomotiv-BFK” – “Andijon-2” – 1:0
 
“Bunyodkor-2” – “Rubin” – 0:1
 
“Turon” – “Chigʻatoy” – 2:1
 
“Rash-Milk” – “Yashnobod” – 2:0
Mazkur mintaqada Moʻydinjon Mamazulumov (“Turon”) 21ta goli bilan toʻpurarlar karvonini boshqaryapti. Sunnatillo Abdullajonov (“Bunyodkor-2”) 9ta, Muhammadkomil Nizomov (“Rash-Milk”) 8ta goli bilan boshqalardan ajralib turibdi.
Pro B liganing navbatdagi tur oʻyinlari 10-sentyabrga belgilangan.

 

Oybek YUNUSOV, OʻzA