2 iyul holatiga ko‘ra Respublika Oliy ta’lim muassasalariga o‘qish istagini bildirgan abiturientlar soni 114 ming nafardan oshdi. Bu haqida O‘zbekiston Bosh vaziri o‘rinbosari Aziz Abduhakimov o‘zining Feysbukdagi sahifasida ma’lum qildi.
Abiturientlarning eng ko‘p ro‘yxati qayd etilgan (tanlov) oliy ta’lim muassasalari uchtaligiga O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi (bir o‘ringa 2.96 nafar abiturient), Andijon tibbiyot instituti (bir o‘ringa 2.81 nafar abiturient), Guliston davlat universiteti (bir o‘ringa 2.23 nafar abiturient) kirmoqda.
Abiturientlarning eng ko‘p ro‘yxati qayd etilgan ta’lim yo‘nalishlari sirasiga esa Maktabgacha ta’lim (6490 nafar abiturient), Boshlang‘ich ta’lim va sport (6240 nafar abiturient), Jismoniy madaniyat (5901 nafar abiturient) kabilarni kiritish mumkin.
Abiturientlar eng ko‘p hujjat topshirgan hududlar 3 taligida esa Qashqadaryo viloyati (11 321 nafar abiturient) yetakchilik qilmoqda.
Undan keyin Andijon (11 098 nafar abiturient) va Samarqand viloyatlari (10 596 nafar abiturient) qayd etilgan.
Davlat test markazi tomonidan berilgan ma’lumotga qaraganda joriy yilda hujjat topshiradigan abiturientlar soni avvalgi yillarga qaraganda keskin ortishi va 1, 5 millionga yaqin kishi hujjat topshirishi kutilmoqda.
Joriy o‘quv yilida test sinovlarini o‘tkazish uchun Toshkent shahri va mamlakat hududlari markazlarida 69 ta yuqori sig‘imli binolar tanlab olindi.
O‘zA