Ostona, 9-iyun. O‘zA maxsus muxbiri Abu Bakir O‘rozov xabar qiladi.
Ko‘rgazmada O‘zbekiston, Rossiya, AQSh, Xitoy, Germaniya, Buyuk Britaniya, Fransiya, Yaponiya, Janubiy Koreya, Turkiya, Hindiston, Vetnam, Armaniston, Pokiston, Ozarbayjon, Belarus, Kuba, Turkmaniston, Ruminiya, Braziliya singari 120 dan ziyod davlat o‘zining texnologik, ilmiy, madaniy yutuqlarini namoyish etmoqda.
9-iyun kuni EKSPO-2017 xalqaro ko‘rgazmasining tantanali ochilish marosimi bo‘ldi.
Marosimda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ishtirok etdi.
Ko‘rgazmaning asosiy mavzusi “Kelajak energiyasi” deb nomlangan. Energiya iste’moli muammosi jahon hamjamiyatini tashvishga solayotgani eng dolzarb masalalardan biridir. Bu borada dunyo hamjamiyati tomonidan samarali faoliyat olib borilmoqda.
Ko‘rgazmada O‘zbekiston faol ishtirok etayotgangani ekspertlar tomonidan e’tirof etilmoqda. Mamlakatimizda ishlab chiqarilgan mahsulotlarning namoyishi uchun ikki qavatli bino ajratilgan.
O‘zbekiston pavilyonining birinchi qavati 630 kvadrat metr maydonni egallagan. Bu yerda quyosh, shamol va suv, ya’ni kelajak energiyasi mahsulotlari namoyish etilmoqda.
Mamlakatimiz pavilyonidan o‘rin olgan quyosh energiyasi stendi 2030-yilda avtomabillarni quyosh nuri yordamida qanday quvvatlantirish mumkin ekani amalda namoyish etilmoqda va bu ko‘rgazma ishtirokchilarida katta qiziqish uyg‘otayotir.
Umumiy maydoni 550 kvadrat metrni tashkil etgan ikkinchi qavatda mamlakatimizning transport va logistika, turizm sohalari hamda oziq-ovqat, vino va sharbat tayyorlash sanoatida erishilgan yutuqlar, milliy taomlarimiz namoyish etilmoqda.