Oʻzbekiston Prezidentining Qozogʻiston birinchi Prezidenti bilan telefon orqali muloqoti toʻgʻrisida

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 23 may kuni Qozogʻiston Respublikasining Birinchi Prezidenti – Elboshi Nursulton Nazarboyev bilan telefon orqali muloqot qildi.

Suhbat avvalida davlatimiz rahbari Nursulton Nazarboyevga Oʻzbekiston bilan Qozogʻiston oʻrtasidagi doʻstlik, yaxshi qoʻshnichilik va koʻp qirrali hamkorlik munosabatlarini har tomonlama qoʻllab-quvvatlayotgani hamda ularni rivojlantirish va mustahkamlashga qoʻshayotgan shaxsiy hissasi uchun samimiy minnatdorlik bildirdi.

Birgalikdagi saʼy-harakatlar tufayli keyingi yillarda mamlakatlarimiz oʻrtasidagi anʼanaviy yaqin munosabatlar sifat jihatidan yangi darajaga koʻtarilgani, aniq amaliy mazmun bilan boyigani alohida taʼkidlandi.

Joriy yil aprel oyida Qozogʻiston Prezidenti Qosim-Jomart Toqayevning Oʻzbekistonga amalga oshirgan ilk davlat tashrifi samarali boʻlgani, bu Elboshi tashqi siyosati bardavomligini yana bir bor namoyish etgani katta mamnuniyat bilan qayd etildi.

Suhbatda Shavkat Mirziyoyev va Nursulton Nazarboyev ikki tomonlama munosabatlarga doir, shuningdek, xalqaro va mintaqaviy ahamiyatga molik dolzarb masalalarni muhokama qildilar.

Asosiy eʼtibor savdo-iqtisodiy sohada erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish, sanoat, energetika, transport va boshqa tarmoqlarda yetakchi korxonalar va ishbilarmonlar darajasida kooperatsiyani kuchaytirishga qaratildi.

Oʻzaro savdo hajmi izchil ortib borayotgani va uning tarkibi diversifikatsiya qilinayotgani ijobiy baholandi. 2018 yilda tovar ayirboshlash hajmi 3 milliard dollardan oshdi, yaqin vaqtda bu koʻrsatkichni kamida 5 milliard dollarga yetkazish vazifasi turibdi.

Keng iqtisodiy imkoniyatlar va madaniy-gumanitar sohadagi katta salohiyatdan samarali foydalanish maqsadida, jumladan, Oʻzbekistonda Qozogʻiston yili tadbirlari doirasida izchil hududlararo aloqalarni davom ettirish muhimligi qayd etildi.

Mamlakatlarimiz Bosh vazirlari boshchiligidagi Ikki tomonlama hamkorlik boʻyicha hukumatlararo qoʻshma komissiya oʻzaro munosabatlarni rivojlantirishda muhim oʻrin tutayotgani alohida taʼkidlandi.

Muloqot soʻnggida Shavkat Mirziyoyev va Nursulton Nazarboyev Oʻzbekiston va Qozogʻiston qardosh xalqlarining farovonligi, Markaziy Osiyoning barqarorligi va izchil taraqqiyoti yoʻlida strategik sheriklik va oʻzaro manfaatli hamkorlikni har tomonlama mustahkamlashga intilishlar mushtarak ekanini yana bir bor taʼkidladilar.

 

OʻzA