Jurnalistlar Qozogʻiston OAV texnologiyalari bilan tanishdi

27-29 mart kunlari Qozogʻiston Respublikasi poytaxti – Nur-Sulton shahriga Oʻzbekiston, Qirgʻiziston, Tojikiston va Afgʻonistondan tashrif buyurgan jurnalistlar uchun press-tur tashkil etildi.
Ushbu tadbir munosabati bilan tashkil etilgan uchrashuvda Qozogʻiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri Beybut Atamkulov va boshqalar soʻnggi yillarda Markaziy Osiyo mamlakatlari oʻrtasidagi munosabatlar sezilarli darajada faollashganini alohida qayd etdi. Masalan, Oʻzbekiston va Qozogʻiston oʻrtasidagi tovar aylanmasi 3 milliard AQSH dollaridan oshdi, oʻzaro investitsiyalar hajmi koʻpaydi, koʻplab qoʻshma loyihalar ishlab chiqilmoqda, davlat chegaralari ochildi. Hali ishga solinmagan salohiyatdan foydalangan holda oʻzaro manfaatli hamkorlikni yanada oshirish va shu orqali mintaqaning jahon hamjamiyatidagi oʻrnini mustahkamlash zarurligi taʼkidlandi.
Press-turning boshlanishida jurnalistlar qozoq xalqining qadim tarixiy oʻtmishi, bugungi kuni va ezgu intilishlarini aks ettiruvchi “Astana-Bayterek” monumentiga tashrif buyurdilar. 97 metrli mahobatli inshootdan Prezident qarorgohi, Tinchlik va hamjihatlik saroyi, Mustaqillik saroyi, Nur-Ostonamasjidi, turar joy komplekslari va boshqa obyektlar yaqqol koʻzga tashlanadi.
Jurnalistlar Nur-Sultonga tashrif davomida bir qator kompaniya vakillari bilan uchrashdi. “KazakhExport” eksport sugʻurta kompaniyasi“ AJ, ”Ostona“ xalqaro moliya markazi, ”Astana Hub” IT-startaplari xalqaro texnoparki shular jumlasidandir. Shu munosabat bilan tashkil etilgan uchrashuvlarda rahbariyat tomonidan kompaniyalar faoliyatiga doir maʼlumotlar taqdim etildi, yangi imkoniyatlar namoyish qilindi. Masalan, “Astana Hub” texnoparkida jurnalistlar zamonaviy qulay kovorking-markazlar, maʼruza zallari, prototiplash laboratoriyasi, 50 oʻringa moʻljallangan Event Hall, mediastudiya, biznes-galereya bilan tanishdi, IT-loyihalari ishlab chiquvchilari bilan muloqot qildi. “Astana Hub” bosh direktori Adilet Nurgojin Oʻzbekiston va Qozogʻiston oʻrtasida axborot texnologiyalari sohasida hamkorlik aloqalari izchil rivojlanib borayotganini taʼkidladi. Oʻtgan yili Toshkentdagi Inha universitetida boʻlib oʻtgan Oʻzbekiston – Qozogʻiston IT-forumi hamda ikki mamlakat ishbilarmon doira vakillarining biznes-forumlari davomida imzolangan hamkorlik memorandumlari buning yaqqol dalilidir.
Shuningdek, “NK ”Kazaxstan Garish Sapari” aksiyadorlik jamiyatida “Kosmik apparatlarni yigʻish-sinovdan oʻtkazish kompleksini tashkil etish” loyihasi taqdimoti boʻlib oʻtdi. Unda kompaniyaning Milliy kosmik markazini qurish va ekspluatatsiya qilish masalalari boʻyicha boshqaruv raisi oʻrinbosari Rashid Abdurazzakov kosmik yoʻldosh yaratish haqida batafsil soʻzlab berdi, qoʻllanilayotgan zamonaviy uskunalar namoyish etildi. Qozogʻiston va Oʻzbekiston oʻrtasida kosmik sohada oʻzaro hamkorlik qilish toʻgʻrisida memorandum imzolangani qayd etildi, Oʻzbekiston hududlarini kosmik monitoring qilish, xususan, Surxondaryo viloyatining kosmik suratlarini tayyorlash hamda mamlakatimizning kosmik yoʻldoshini yaratish loyihalari haqida soʻzlab berildi. Bularning barchasiga davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyevning 2018 yil 12 apreldagi Oʻzbekiston Respublikasida kosmik tadqiqotlar va texnologiyalarni rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisidagi qaroriga asosan bu yoʻnalishdagi amaliy chora-tadbirlar samarasida erishildi.
Jurnalistlarni mahalliy telekanallar faoliyati bilan tanishtirish maqsadida Qozogʻiston media markazi – Qozogʻiston Markaziy kommunikatsiyalar xizmatiga ekskursiya tashkil etildi. Bu yerda ular kino-konsert zali, virtual studiya, “Xabar” va “Xabar 24” telekanallarining yangiliklar studiyasi, montaj va rejissyorlik xonalarini tomosha qildilar.
– “Xabar 24” axborot telekanali studiyasi butunlay robotlashtirilgan, – deydi Qozogʻiston media markazining Strategik rivojlanish departamenti loyihalari menejeri Asil Turgayev. – Bu yerda joylashgan toʻrtta kamera relslar boʻylab harakatlanadi, ularning har biri oʻz trayektoriyasi va ularga topshirilgan dastur boʻyicha harakatlanadi. Yoritish tizimi ham robotlashtirilgan: u avtomatik tarzda boshqariladi. Ushbu studiyada yangiliklar, intervyu suratga olinadi, ish chogʻida bu yerda faqat boshlovchi va surdotarjimon boʻladi, xolos.
Qozogʻistonning ishlab chiqa
rish va ilmiy-texnik salohiyati bilan tanishish maqsadida jurnalistlar “SЕSNA-ASTЫK” konsernining makaron ishlab chiqarish sexi, “EKSPO-2017” hududidagi “Nur Alem” Qozogʻiston pavilyoni va boshqa obyektlarga tashrif buyurdilar.
Markaziy Osiyo OAV vakillari mutaxassislardan oʻzlarini qiziqtirgan savollarga javob oldi va oʻz faoliyatlarida zamonaviy axborot texnologiyalaridan foydalanish boʻyicha tajriba almashdi.

 

M.Anisimova, Otabek Mirstoatov (surat) OʻzA