Turizm sohasidagi oʻzgarishlar, goʻdaklar tashvishi va parlament kelishuvlari

2019 yil 2 aprel kuni Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisi boʻlib oʻtdi. Unda deputatlar mamlakat ijtimoiy-iqtisodiy, sogʻliqni saqlash, jamoatchilik nazoratini taʼminlash sohalaridagi islohotlarni huquqiy jihatdan mustahkamlashga qaratilgan qator qonun loyihalarini koʻrib chiqdi.
Majlis avvalida bugungi kunning eng muhim masalalaridan biri sifatida qaralayotgan – mamlakatimizning sayyohlik imkoniyatlaridan keng foydalanish, turizm sohasini tartibga solishga qaratilgan “Turizm toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida»gi qonun loyihasi ikkinchi oʻqishda muhokama etildi.
Qayd etilganidek, ushbu qonun loyihasi 2018 yilning 9 oktabr kuni parlament quyi palatasining majlisida birinchi oʻqishda konseptual jihatdan qabul qilingan edi. Oʻtgan davr mobaynida davlatimiz rahbarining 2018 yil 8 avgustdagi “Norma ijodkorligi faoliyatini takomillashtirish konsepsiyasini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi Farmonidan kelib chiqib, deputatlar tomonidan bildirilgan qator fikr-mulohaza va takliflar asosida ushbu qonun loyihasidagi havolaki normalar oʻrni toʻgʻridan-toʻgʻri amal qiluvchi moddalar bilan toʻldirildi. Xususan, qonun loyihasida turizm faoliyatini tashkillashtirishni taʼminlaydigan turizm korxonalari – turizm operatorlari, turizm agentliklari, ekskursiya tashkilotlari, turizm firmalarining turizm faoliyatini amalga oshirishi faqat litsenziya asosida olib borilishi belgilab qoʻyilmoqda. Shu tariqa turizm faoliyatini amalga oshirish niyatida boʻlgan istalgan yuridik yoki jismoniy shaxsga endilikda mazkur litsenziya asosida erkin faoliyat yuritish imkoniyati yaratiladi.
Deputatlarning fikricha, mazkur qonun loyihasining qabul qilinishi mamlakatimizga tashrif buyurish niyatida boʻlgan sayyohlar uchun yanada yengil va qulay sharoit yaratadi, turizm sohasini jadal rivojlantirish, soha taraqqiyotini taʼminlash va uning infratuzilmalarini jahon standartlariga mos ravishda takomillashtirish imkonini beradi.
Majlisda “Goʻdaklar va kichik yoshdagi bolalarning ovqatlanishi toʻgʻrisida”gi qonun loyihasining muhokamasi ham qizgʻin kechdi. Birinchi oʻqishda koʻrib chiqilgan mazkur qonun loyihasida goʻdaklarni ona suti bilan boqishni targʻib etish, shuningdek, bolalar oziq-ovqat mahsulotlariga nisbatan qoʻyiladigan talablar, ularga rioya etish chora-tadbirlari, sertifikatlash masalasi hamda ushbu sohada tibbiyot xodimlarining oʻrni va vazifalari belgilab qoʻyilmoqda. Shuningdek, mazkur sohani davlat tomonidan tartibga solish, unda Vazirlar Mahkamasi, Sogʻliqni saqlash vazirligi, fuqarolarning hamda fuqarolik jamiyati institutlarining vakolatlari ham aniqlashtirilmoqda.
Eng muhimi, qonun loyihasida goʻdaklar, kichik yoshdagi bolalar bilan birga onalar boʻlishi mumkin boʻlgan tibbiyot muassasalarida, shuningdek, boshqa tashkilotlarda, jamoat joylarida tegishli sanitariya qoidalari va gigiyenik normativlarga javob beradigan goʻdaklar va kichik yoshdagi bolalarni emizishga mos boʻlgan maxsus ajratilgan joylar tashkil etilishi nazarda tutilmoqda.
Deputatlarning qayd etishicha, ushbu qonun loyihasi mamlakatda sogʻlom nasl va barkamol avlodni voyaga yetkazishga qaratilgan qator tadbirlarning mantiqiy davomiva qonuniy asosi boʻlib xizmat qiladi.
Majlisda koʻrib chiqilgan “Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga jamoatchilik nazoratini kuchaytirishga qaratilgan oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi qonuni boʻyicha kelishuv komissiyasini tuzish haqidagi masala bahs-munozarali kechdi.
Gap shundaki, Qonunchilik palatasi tomonidan 2019 yil 6 fevralda qabul qilingan “Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga jamoatchilik nazoratini kuchaytirishga qaratilgan oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi qonun 2019 yil 28 fevralda Oliy Majlis Senati yalpi majlisida koʻrib chiqildi va rad etildi. Bu parlament faoliyatida kuzatiladigan holdir.
Alohida qayd etish joizki, fikrlar xilma-xilligi, qarashlarning turfaligi, oʻzaro bahs-munozara va tortishuvlar qonun ijodkorligi – parlamentarizmning eng muhim tamoyillaridan hisoblanadi. Shu maʼnoda parlament quyi palatasi tomonidan kiritilgan mazkur qonunning ayrim jihatlari, qolaversa, takomillashtirilishi, maromiga yetkazilishi zarur boʻlgan baʼzi normalari mavjudligi yoki shunday tuyulishi parlament yuqori palatasi vakillarida muayyan fikr-mulohaza uygʻotgan boʻlishi tabiiy hol. Bunday hollarda Konstitutsiyaning 84-moddasiga binoan, Oliy Majlis Senati tomonidan rad etilgan qonun parlament Qonunchilik palatasiga qaytariladi. Shu munosabat bilan mazkur qonun yuzasidan bahs-munozara oʻtkazib, yagona toʻxtamga kelish maqsadida qonun hujjatlarida oʻrnatilgan tartib-taomilga koʻra, Qonunchilik palatasi deputatlari va Senat aʼzolari orasidan tenglik asosida kelishuv komissiyasi tuzildi.
Palatalar kelishuv komissiyasi yagona fikrga kelgach, qonun odatdagi tartibda koʻrib chiqiladi va qabul qilinadi.
Agar Senat tomonidan rad etilgan qonunni qayta koʻrib chiqishda Qonunchilik palatasi deputatlari umumiy sonining uchdan ikki qismidan iborat koʻpchilik ovozi bilan qonun yana maʼqullansa, qonun Oliy Majlis tomonidan qabul qilingan hisoblanadi hamda imzolanishi va eʼlon qilinishi uchun Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentiga Qonunchilik palatasi tomonidan yuboriladi.
Majlisda Oliy Majlis Qonunchilik palatasining vakolatlariga taalluqli boshqa masalalar ham muhokama qilinib, tegishli qarorlar qabul qilindi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi
Qonunchilik palatasi Matbuot xizmati

 

OʻzA