Toshkentning gastronomik xaritasi tuzilmoqda

Turizm sohasini rivojlantirishda jamoat tashkilotlarining roli juda muhimdir. Shu nuqtai nazardan, Oʻzbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi tomonidan Oʻzbekiston Oshpazlar, Restoratorlar va Otelyerlar uyushmalari, Aeronavtika, Geografiya jamiyati, Ekstremal va togʻ turizmi federatsiyalari, Oʻzbekistonning xususiy turistik tashkilotlari assotsiatsiyasi va boshqa jamoat tashkilotlari bilan izchil hamkorlik aloqalari yoʻlga qoʻyildi.
Jamoat tashkilotlarining turizmni rivojlantirishga qaratilgan ijtimoiy ahamiyatga molik loyihalari va tashabbuslari Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi tomonidan qoʻllab-quvvatlanmoqda hamda moliyaviy va uslubiy koʻmak koʻrsatib kelinmoqda.
Xususan, Oʻzbekiston Oshpazlar uyushmasi Gastronomik turizmni ommalashtirishga qaratilgan loyihasi doirasida mamlakatimizning eng kuchli oshpazlari bilan birgalikda Oshxona ensiklopediyasini tayyorlamoqda.
photo5472123944304748983.jpg
Bu kitob Oʻzbekistonning barcha hududlaridagi turli taomlar retseptini oʻz ichiga oladi. Kitobga nafaqat mashhur milliy taomlarimizni tayyorlashning usullari, balki kichik shaharlar va hatto qishloqlar uchun xos boʻlgan taomlarning taʼrifi ham kiritiladi.
Shuningdek, Toshkentning gastronomik xaritasini tuzish ustida ish olib borilmoqda. Bu xaritaning asosiy vazifasi gastronomik turizmni jadal rivojlantirish, oʻzining taomlari, xizmat koʻrsatish sifati, sanitariya va gigiyena holatining yuqoriligi va boshqa jihatlari bilan pazandachilik sanʼatining u yoki bu turlarini namoyon eta oladigan umumiy ovqatlanish maskanlarini aniqlash, ulardagi xizmat koʻrsatish va servis sifatini jahon standartlari darajasiga olib chiqishdir.
Gastronomik xaritani tuzish doirasida har yili Toshkent pazandachiligining noyob xususiyatlarini oʻzida aks ettiradigan festival tashkil etish va poytaxtimiz aholisi, mehmonlarga namoyish qilish rejalashtirilgan.

 

OʻzA