Fuqaroligi boʻlmagan shaxslar Toshkent shahri va Toshkent viloyatida doimiy yashashga ruxsat olishiga oʻzgartish kiritildi

Endi doimiy yashashga ruxsat olish uchun arizaga ilova qilinadigan uy-joy mulkdorining turar joy maydoni berishi toʻgʻrisidagi arizasi oʻzi borib berilganda notarial tasdiqlanishi talab etilmaydi.

Chet el fuqarolari hamda fuqaroligi boʻlmagan shaxslarni Toshkent shahri va Toshkent viloyatida doimiy va vaqtincha propiska qilish tartibi toʻgʻrisidagi yoʻriqnomaga kiritilgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar Adliya vazirligida davlat roʻyxatidan oʻtkazildi. Bu haqida “Huquqiy axborot” kanali maʼlum qildi.

Kiritilgan oʻzgartirishlarga muvofiq, chet el fuqarolari va fuqaroligi boʻlmagan shaxslar Toshkent shahri va Toshkent viloyatida doimiy yashashga ruxsat olish uchun arizaga ilova qilinadigan uy-joy mulkdorining turar joy maydoni berishi toʻgʻrisidagi arizasi oʻzi borib berilganda notarial tasdiqlanishi talab etilmaydi.

Shuningdek, Respublikaning boshqa mintaqalaridan Toshkent shahri va Toshkent viloyatiga kelgan hamda yashash guvohnomasiga ega boʻlgan chet el fuqarolari va fuqaroligi boʻlmagan shaxslar doimiy propiskani rasmiylashtirish uchun ariza berganlarida arizaga ilova qilinadigan uy-joy hujjatlari notarial tasdiqlanishi talab qilinmaydi.

Kiritilgan qoʻshimchalarga koʻra, doimiy propiska qilish rad etilgan taqdirda uch sutka mobaynida arizachi Toshkent shahri yoki Toshkent viloyati hududini tark etishi shart.

Quyidagilar bundan mustasno:

• turar joy sotib olinganda;

• yaqin qarindoshlar (er, (xotin), ota-ona, farzandlar) mavjud boʻlganda;

• vasiylar (homiylar) mavjud boʻlganda;

• mehnat faoliyati bilan shugʻullanganda, taʼlim muassasalarida oʻqiganda;

• davolash muassasalarida davolanayotganda.

 

OʻzA