Oʻzbekiston universitetlari milliy reytingi “Times Higher” Education (THE) agentligi bilan hamkorlikda takomillashtiriladi

Bugungi kunda mamlakatimizda taʼlim sifatni yuqori bosqichga koʻtarish, ayniqsa xalqaro tadqiqotlarda ishtirok etib, mamlakatimiz oliy taʼlim muassasalarini dunyo universitetlari roʻyxatiga kiritish asosiy masalalardan biri hisoblanadi. Shunga muvofiq, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi tomonidan Respublikamizdagi oliy taʼlim muassasalarini kelgusida dunyo universitetlari reytingi roʻyxatiga kirishiga koʻmaklashish maqsadida “THE“ (Times Higher Education) xalqaro reyting agentligining Rossiya va MDH davlatlari boʻyicha mintaqaviy direktori Yegor Yablokov bilan uchrashuv boʻlib oʻtdi.

Maʼlumki,“THE“ (Times Higher Education) xalqaro reyting agentligi 2004 yildan boshlab dunyo universitetlari reytingi bilan shugʻullanib kelmoqda. Uning bu boradagi asosiy hamkorlari “Thomson Reuters“ – yetakchi xalqaro axborot agentligi va “Elsevier“ – yirik ilmiy nashriyot kompaniyasi hisoblanadi.

“THE“ (Times Higher Education) xalqaro reyting agentligi asosan “Thomson Reuters“ maʼlumotlariga tayangan holda 400 ta eng ilgʻor dunyo universitetlarining reytingini tuzadi va har yili sentyabr-oktyabr oylarida reytingni yangilab turadi.

“THE“ (Times Higher Education) xalqaro reyting agentligi metodologiyasining oʻziga xosligi shundaki, tanlangan indikatorlar tekshirish uchun juda qulay va oson boʻlib, mavhum holatlar uchramaydi. Bu boʻyicha quyidagi 13 ta indikatorlardan foydalaniladi:

Xorijiy talabalar ulushi – 2,5%;

Xorijiy professor-oʻqituvchilar ulushi – 2,5%;

“Web of science“ bazasida xorijlik hammualliflar bilan chiqarilgan maqolalar – 2,5%;

Ilmiy tadqiqotlar saviyasi boʻyicha oʻtkaziladigan soʻrov natijasi – 18%;

Ilmiy faoliyatdan olingan daromad – 6%;

Bitta professor-oʻqituvchiga Web of science bazasida toʻgʻri keladigan maqolalar soni – 6%;

Iqtisobliklar darajasi – 30%;

Iqtisodiyotning real sektoridan olingan daromadlar – 2,5%;

Taʼlim sifati boʻyicha oʻtkaziladigan soʻrov natijasi – 15%;

Professor-oʻqituvchilar va talabalar nisbati – 4,5%;

Ilmiy darajali professor-oʻqituvchilarning ilmiy darajasi yoʻq oʻqituvchilarga nisbati – 2,25%;

Hisob yilida ilmiy daraja olganlar soni – 6%;

Yil yakunida universitetning jami daromadlari – 2,25%.

photo5370980501025827598 (1).jpg

Uchrashuv davomida Davlat inspeksiyasi bilan THE (Times Higher Education) xalqaro reyting agentligi oʻrtasida kelgusida amalga oshiriladigan hamkorlik yoʻnalishlari boʻyicha kelishib olindi. Xususan, Oʻzbekiston milliy reyting tizimi metodologiyasini “THE“ bilan hamkorlikda takomillashtirish, “THE“ agentligi tomonidan har yili oʻtkaziladigan sammit aʼzoligiga Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasini qoʻshish,milliy oliy taʼlim muassasalarini “THE“ metodologiyasi asosida tayyorlash boʻyicha konsalting xizmatini yoʻlga qoʻyish boʻyicha hamkorlik olib boriladigan boʻldi.

Vazirlar Mahkamasi huzuridagi
 
Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi
Matbuot xizmati

 

OʻzA