“Xorijiy fuqarolar va fuqaroligi boʻlmagan shaxslarning Oʻzbekiston Respublikasiga kelishi, ketishi, boʻlib turishi va tranzit oʻtishi tartibi”

Poytaxtimizda shu mavzusida seminar-trening oʻtkazildi. Bu haqda Oʻzbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati chegara qoʻshinlari matbuot xizmati xabar qildi.
Seminar doirasida Oʻzbekiston Respublikasida viza turlari, muddati va rasmiylashtirish tartibi (TIV), xorijiy fuqarolar va fuqaroligi boʻlmagan shaxslarning Oʻzbekistonga kirish-chiqish huquqini beruvchi hujjatlar (DXX CHQ), tovarlarni olib chiqish va olib kirish tartibi (DBQ), Xorijiy fuqarolarning Oʻzbekistonda boʻlishi qoidalari (IIV) va mehmonxona xizmatlarini taqdim etish (Turizm davlat qoʻmitasi) boʻyicha tushunchalar berildi.
Munozaralar tashkil etilib, unda ishtirokchilarga vaqtinchalik roʻyxatga qoʻyish, tovarlarni tashish va davlat chegarasini shaxslar hamda transport vositalarida kesib oʻtishga doir savollar berildi. Shuningdek, Davlat xavfsizlik xizmati Chegara qoʻshinlari va IIV Migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish bosh boshqarmasining ishonch telefonlari yana bir bor eslatib oʻtildi.
Seminar mashgʻulotida jurnalistik korpus, turoperatorlar, tadbirkorlar va turizm faoliyatiga aloqador boshqa shaxslardan iborat 150 dan ziyod kishi ishtirok etdi.
Ishtirokchilarga yuqoridagi vazirlik va idoralar vakillarini jalb etgan holda muntazam uchrashuvlar oʻtkazish kerakligi qayd etildi.

 

OʻzA