Nukus xalqaro aeroportida sambo bo‘yicha jahon chempionligini qo‘lga kiritgan sportchimiz Klara Darmenboyeva tantanali kutib olindi.
Shu munosabat bilan o‘tkazilgan tadbirda mamlakatimizda navqiron avlodning har tomonlama sog‘lom ulg‘ayishi uchun yaratilayotgan keng imkoniyatlar yoshlarimizning xalqaro maydonda yuksak marralarni qo‘lga kiritishida muhim omil bo‘layotgani ta’kidlandi.
Joriy yilning 12-16-oktabr kunlari Serbiyada o‘tkazilgan sambo bo‘yicha o‘smirlar o‘rtasidagi jahon chempionatida yosh sportchimiz Klara Darmenboyeva 60 kilogramm vazn toifasida gilamga tushib, barcha raqiblari ustidan ishonchli g‘alabani qo‘lga kiritdi va oltin medalga sazovor bo‘ldi.
– Ellikdan ortiq mamlakatdan sportchilar ishtirok etgan chempionatda Serbiya, Polsha va Rossiya davlati vakillari bilan bellashdim, – deydi K.Darmenboyeva. – Finalda rossiyalik tengdoshim ustidan g‘alaba qozonib, g‘olib bo‘ldim. Davlatimiz madhiyasi yangrab, bayrog‘imiz ko‘tarilganida ko‘zlarimga sevinch yoshlari keldi. Bularning barchasi yurtimizda sportga qaratilayotgan doimiy e’tibor samarasidir. Mening bu muvaffaqiyatimda ustozim Bayram og‘a Do‘sbergenovning xizmatlari katta.
– Shogirdimning qo‘lga kiritgan yutug‘idan behad xursandman, – deydi murabbiy B.Do‘sbergenov. – Klara 8 yildan buyon sambo bilan shug‘ullanadi. Uning imkoniyatlari katta. Kelgusida yanada ulkan zafarlarga erishishiga ishonaman.
Nukus tumanida tug‘ilib, mashhur polvon Sangsizboy Yusupov maktabida sambo sirlarini puxta egallagan Klara Darmenboyeva Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universitetining pedagogika fakultetida tahsil olmoqda. U kelgusida ustozlari singari yosh avlodga ushbu sport turi sirlarini o‘rgatib, xalqaro maydonda Vatanimiz sha’nini ulug‘laydigan sportchilar tarbiyalashni asosiy maqsadi deb biladi.
Aminboy Ortiqboyev, O‘zA