Xotin-qizlar huquqlarini taʼminlash yoʻlida samarali hamkorlik

Poytaxtimizda Oʻzbekiston Xotin-qizlar qoʻmitasi hamkor tashkilotlar bilan birgalikda BMTning “Xotin-qizlar huquqlari kamsitilishining barcha shakllariga barham berish toʻgʻrisida“gi konvensiyasi ijrosiga bagʻishlangan davra suhbati tashkil etdi.

Unda tegishli vazirlik, idoralar, xotin-qizlar jamoat tuzilmalari mutasaddilari va xalqaro tashkilotlardan vakillar ishtirok etdi.

Oʻzbekiston Xotin-qizlar qoʻmitasi raisi oʻrinbosari G.Maʼrufova, Buyuk Britaniya va Shimoliy Irlandiya Birlashgan Qirolligining mamlakatimizdagi Favqulodda va muxtor elchisi K.Allan, BMT Taraqqiyot dasturining Oʻzbekistondagi doimiy vakili oʻrinbosari F.Karaxanov, BMT Aholishunoslik jamgʻarmasining mamlakatimizdagi vakili oʻrinbosari K.Inomxoʻjayev, Fuqarolik tashabbuslarini qoʻllab-quvvatlash markazi direktori D.Qobulova va boshqalar Oʻzbekistonda xotin-qizlar huquqlarini himoya qilish borasida yaratilgan milliy qonunchilik xalqaro meʼyoriy hujjatlarga uygʻun ekanini taʼkidladi.

Inson huquqlari boʻyicha umumjahon deklaratsiyasi qabul qilinganining 70 yilligi munosabati bilan tashkil etilgan mazkur tadbirda BMTning “Xotin-qizlar huquqlari kamsitilishining barcha shakllariga barham berish toʻgʻrisida“gi konvensiyasi qoidalarini bajarishga oid ishlar sarhisobi atroflicha muhokama qilindi.

Yurtimizda xotin-qizlar qoʻmitalari faoliyatini davr ruhiga monand takomillashtirish, oilalarni mustahkamlash, gender tenglikni taʼminlash masalalari davlatimizning doimiy eʼtiborida boʻlib kelmoqda. Oʻtgan ikki yil Oʻzbekiston Xotin-qizlar qoʻmitasi faoliyatida ham tub ijobiy burilish davri boʻldi, deyish mumkin. Mahallalardan boshlab barcha tuzilmalarda vertikal tarzda xotin-qizlar bilan ishlashga oid amaliy chora-tadbirlar davr ruhiga mos tarzda olib borilmoqda.

2.JPG

Oilalarga kirish, xonadonma-xonadon yurish amaliyotining keng joriy etilishi natijasida ayollarni oʻylantirayotgan dolzarb muammolarga tez, oʻz vaqtida, oqilona yechim topilmoqda. Joylarda Ayollar ijtimoiy reabilitatsiya markazlari faoliyatini keng yoʻlga qoʻyish, sifat jihatdan yaxshi natijalarga erishishga jiddiy eʼtibor qaratilmoqda. Shikoyat va murojaatlar bilan tahliliy ishlash mexanizmi yoʻlga qoʻyilgan. Bularning barchasi mahallalarda oilalarga, xotin-qizlarga eʼtiborni tobora kuchaytirish, opa-singillarimizning bilib-bilmay jinoyat koʻchasiga kirishining oldini olish, oilalarni mustahkamlashda muhim omil boʻlib xizmat qilmoqda.

Davra suhbatida xotin-qizlar huquqlari kamsitilishining barcha shakllariga barham berish boʻyicha tavsiyalarning bajarilishi yuzasidan ekspertlarning xulosasi hamda Milliy harakatlar rejasining asosiy natijalari tinglandi. Milliy harakatlar rejasining amalga oshirilishida yuzaga kelgan kamchiliklar atroflicha tahlil qilindi. Ularni bartaraf etish boʻyicha amaliy taklif va tavsiyalar ishlab chiqildi.

Tadbirda Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari, Respublika Xotin-qizlar qoʻmitasi raisi T.Norboyeva soʻzga chiqdi.

 

N.Usmonova, M.Amin (surat), OʻzA