“Majburiy obunaga” barham berish bahonasida matbuotni yoʻqqa chiqarish ziyolining ishi emas

Vohid Luqmonning va Isomiddin Poʻlatovning Uza.uzda eʼlon qilingan obunaga oid mulohazalarini oʻqib, bu fikrlarni matbuotda soʻzda emas, amalda oʻzgarish qilishga intilayotgan, shu jarayon “qozonida qaynayotgan” shogirdlarimning dardi deb qabul qildim.
Bildirayotgan munosabatlarimda bu ikki muallif va boshqa hamkasblarim aytgan holatlarni takrorlamoqchi emasman.
Jamiyatdan norizo boʻlishga haqqimiz yoʻq, chunki u bizga fikrimizni erkin bildirish, jamoatchilik munosabatini shakllantirish imkoniyatini berdi. Bir jihatni unutmaylik, orkestrni dirijyor boshqaradi, ansamblni – doirachi. Jamiyatni esa belgilangan tartib-qoidalar, qolaversa, xalqning mentaliteti boshqaradi. Tartib-intizomning birinchi talabi har bir ishni uning oqibatini oʻylab, bosqichma-bosqich amalga oshirish.
Misol uchun, davlat rahbarining tadbirkorlikni rivojlantirish borasidagi siyosatidan oʻrnak olaylik. Uch yildan beri deyarli har oyda aynan shu sohada yangi hujjat qabul qilinadi. Nega? Islohotlar jarayonida unga toʻsiq boʻlayotgan holat, xorij tajribasi oʻrganilib, keyin xulosaga kelinmoqda. Har qanday yangilik sohaga paydar pay kiritilmayapti, ijrochilar uchun uning mohiyatini tushunishga muhlat berilyapti. Har qanday yangi qonun yoki meʼyoriy hujjat ham nuqtai nazarimizni birdan oʻzgartira olmaydi.
Eʼtibor berganmisiz, fotoradar koʻpayib, jarima miqdori oshgandan keyin ham yoʻl harakati qoidasini buzish holati uchrayapti. Chunki koʻpchilik bunaqa tartibga oʻrganmagan. Misol uchun, Samarqanddagi yirik chorrahalarda boshqa harakat ishtirokchilariga xalaqit bermasdan oʻng tomonga burilishiga ruxsat berilgan belgi oʻrnatilgan. Oʻnta haydovchining beshtasi haligacha buni tushunmaydi, hatto oʻqib koʻrmaydi, chunki bunga oʻrganmagan.
Endi matbuotdagi “koʻnikma”larga kelsak, u bor gap. Yillar davomida respublika, viloyat va tuman (shahar), tarmoq va xususiy gazetalar tizimiga gorizontal yondashdik. OAV reytingi belgilanmadi, monitoringi nomigagina qilindi. Natijada rasmiy hujjatlarni barcha nashrlar bir xil tarzda berishga oʻtdi. Vaholanki, ular buni turlicha uslubda yoritishi mumkin edi. Ayrim muharrirlar dunyo tajribasi – gazeta sotish uslubini unutdi.
Majburiy obuna ham, obuna atrofidagi korrupsion holat ham bor gap. Bir necha yil avval bu haqda bong urgandik, lekin oʻshanda hamkasblarim qoʻllab-quvvatlashmadi.
Davlat va uning rahbari bu holatga qarab turgan emas. “Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligi toʻgʻrisida”gi qonun asosida koʻplab davlat idoralarida matbuot kotibi shtati joriy etildi, ochiqlikning boshqa choralari koʻrildi. Jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti, xalqaro press-klub, internet nashrlar, ijtimoiy tarmoqlar ayrim hamkasblarimizni uygʻonishga majbur qildi. Bu – bor gap.
Toʻgʻri, bu holat ham bizni qoniqtirmaydi, chunki mushtariy bizdan bundanda katta jasorat kutmoqda. Bunday jasoratga barcha hamkasblarim tayyor emas. Ammo “majburiy obunaga” barham berish bahonasida matbuotni yoʻqqa chiqarish bu sohadan alami boʻlsada, ziyolining ishi emas. Matbuot taʼsirchanligini oshirishni bosqichma-bosqich amalga oshirish zarur. Toki odamlar gazeta oʻqish zavqidan bebahra qolmasin, shuning barobarida ularda tanlov koʻnikmasi shakllansin.
Mayli, gazetalarimiz sifati, mazmuni haqida bahslashaylik, bu holatni baholash mezonini ishlab chiqaylik, bir-birimizga baho beraylik. Axir matbuotning yangi avlodi oʻz-oʻzidan, gazetalar yoʻq joydan paydo boʻlmaydiku! Qolaversa, ayrim gazetalar jamiyatdagi muammolarni koʻtarishda, xalq fikrini berishdan yarq etib koʻzga tashlanib qoldiku. Demak, davr ruhi va masʼuliyatini chuqur his qiladigan jurnalist yoʻq emas. Demak, boshqalarni ham shunday ishlashga oʻrgatish lozim.
Xonadonlarga vaqtli matbuot nashrlari bormasligi maʼnaviyatimizga katta zarar yetkazadi. Chunki mutolaa – fikrlashning asosi. Undan koʻra, biz kimgadir achchiq qilib, pochta tizimini nega barbod qilganimizni oʻylaylik, uni zamonaviy tarzda qayta tashkil etish ustida bosh qotiraylik. Bizda gazetalar nafaqat axborot beruvchi, balki tarbiya vositasi ham ekanligini unutmaylik.
Tarixdan maʼlumki, mentalitetimizning zamiri maʼrifatga, ilmga intilish, ustozga ergashish, yaxshilik qilish bilan bogʻlangan. Ming afsuski, keksalar oʻz avlodlari harakatidan hayron. Ota-oʻgʻil, aka-uka mol-dunyo uchun bir-birini sudga berayapti, er xotinini xorijga mardikorlikka joʻnatayapti, erning xorijdan yuborgan pulini xotin ulfatchilik va zebu ziynatga sarflamoqda. Ehtimol, iqtisodiy boʻhronlar bizni shu koʻyga solayotgandir. Ammo bir oʻylab koʻring, ana shu holatda odamlarga maʼrifat berishni toʻxtatib qoʻyish insofdanmi?
Internetdagi ijtimoiy tarmoqda oʻzim ishtirok etaman. Hali unda ham raqobat biz kutgandek emas, koʻpchilik saytlar, blogerlar bitta axborotni qaytarish bilan ovora, lekin ularda fikrlar qarama-qarshiligi, erkinligi mavjud. Sizu bizning vazifamiz, matbuotni tugatish emas, balki unga ana shu ruhiyatni olib kirishdir. Bu ishni bizga birov kelib qilib bermaydi. Esdan chiqarmaylik, mintaqa nashrlarining oʻqishli, jonli boʻlishi mamlakatda matbuot ommaviyligini taʼminlashning asosi hisoblanadi.
Aziz hamkasblar, kelinglar shiddatli jarayonda jamiyatdagi mavqeimizni mustahkamlashga birgalikda harakat qilaylik.
Matbuot shunaqa sohaki, unda mutlaq fikrli boʻlish mumkin emas. Matbuotning obroʻsi uni oʻqigan, unga munosabat bildirganlar safi bilan oʻlchanadi. Oʻzaro raqobatni ana shu yoʻnalishga qarataylik.
 
Farmon Toshev,
“Zarafshon” gazetasi bosh muharriri

 

OʻzA