Oʻz uyimdan mahrum qilinishim adolatdanmi?

Bosh qomusimizga muvofiq, xususiy mulk – daxlsiz va davlat himoyasidadir.
Xorijga ishlash uchun ketib, oʻzining xususiy mulki boʻlgan xonadonidan ayrilgan ayolning shikoyatini oʻqib, beixtiyor yuqoridagi qomusiy meʼyor xayolimdan oʻtdi.
Toshkentlik Gulnora Chilonzordagi bir xonali kvartirasini sotib olish uchun yillab mehnat qilgandi. U xonadonini taʼmirlash uchun qarzu havola ham qildi. Qarz toʻlash, yetar-yetmaslik kabi muammolardan qutilish uchun xorijda ishlashni niyat qildi. Shu maqsadda Turkiya davlatiga yoʻl oldi.
Xonadonini esa qarab turish uchun qarindoshi K.O.ga qoldirib ketdi. Qarindosh esa birovning mulki – omonatini asrash oʻrniga bu yerdan yomon maqsadda foydalandi. Ayol uyni fohishalikni maqsad qilgan kimsaga pul evaziga ijaraga bergan. Bu huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlari tomonidan aniqlanib, fosh etilgan.
Hujjatlarga qaraganda, Gulnora Poʻlatova 2013 yil 15 fevraldagi 1067-sonli oldi-sotdi shartnomasiga asosan Toshkent shahri Chilonzor tumani 8-mavzesidagi 39-uyning 2-xonadonini sotib olgan.
Xonadonda jinoyat aniqlangach, ushbu masala Jinoyat ishlari boʻyicha Chilonzor tumani sudida koʻrib chiqilgan. Bu borada aybli, deb topilgan K.O.ga nisbatan eng kam oylik ish haqining 25 baravari miqdorida jarima jazosi qoʻllanilgan.
– Ushbu ish prokuror protestiga asosan kassatsiya tartibida ham koʻrilgan. Sudning 2015 yil 24 noyabrdagi ajrimi bilan menga tegishli boʻlgan Toshkent shahar Chilonzor tumani 8-daha, 39-uyning 2-xonadoni jinoyat quroli sifatida davlat egaligiga oʻtkazilgan, – deydi G.Poʻlatova. – Lekin xonadonning xususiy mulkdori men edim va sodir etilgan jinoyatga mutlaqo aloqam boʻlmagan. Hayotda tinimsiz mehnat qilib erishgan yagona boyligim va boshpanam shu uyim. Shu xonadonda doimiy ravishda roʻyxatda turaman. Boshqa yashaydigan birorta boshpanam yoʻq. Oʻz uyimdan mahrum qilinishim adolatdanmi?
– Davlat egaligiga oʻtkazilgan xonadon bilan bogʻliq ishlarni sudda koʻrishda insonparvarlik va odillik prinsiplariga toʻliq rioya qilinmagan, – deydi advokat Ilhom Yoqubov. – Fuqaro G.Poʻlatovaning qonun bilan muhofaza qilinadigan mulkiy huquq va manfaatlari qoʻpol ravishda buzilgan. Fuqarolik kodeksining 164-moddasida mulk huquqi shaxsning oʻziga qarashli mol-mulkka oʻz xohishi bilan va oʻz manfaatlarini koʻzlab egalik qilish, undan foydalanish va uni tasarruf etish, shuningdek, oʻzining mulk huquqini, kim tomonidan boʻlmasin, har qanday buzishni bartaraf etishni talab qilish huquqiga ega. Mulk huquqi muddatsizdir. Bundan tashqari, “Mulkchilik toʻgʻrisida”gi qonunning 1-moddasiga muvofiq, Oʻzbekiston Respublikasida mulkiy huquq tan olinadi va qonun bilan muhofaza etiladi.
Jinoyat-protsessual kodeksining 211-moddasida jinoyat ishini yuritish tamom boʻlganligi munosabati bilan ashyoviy dalillar toʻgʻrisida qabul qilinadigan qarorlar nazarda tutilgan boʻlib, unga koʻra, gumon qilinuvchiga, ayblanuvchiga, sudlanuvchiga, mahkumga tegishli boʻlmagan mol-mulk qonuniy egalariga, mulkdorlariga yoki ularning huquqiy vorislariga, shuningdek, merosxoʻrlariga qaytarib berilishi zarur.
Shuningdek, mazkur moddaning 4-qismida “jinoyat yoki boshqa gʻayrihuquqiy harakatlar sodir qilinishi natijasida qonuniy egasi va mulkdoridan mahrum boʻlib qolgan pullar yoki boshqa boyliklar qonuniy egalariga, mulkdorlariga yoki ularning huquqiy vorislariga, shuningdek, merosxoʻrlariga qaytarib berilishi lozim”ligi koʻrsatilgan.
Oliy sud plenumining 2012 yil 13 dekabrdagi “Jinoyat ishlari boʻyicha ashyoviy dalillarga oid qonunchilikni qoʻllashning ayrim masalalari toʻgʻrisida”gi qaroriga koʻra, gumon qilinuvchiga, ayblanuvchiga, sudlanuvchiga, mahkumga tegishli boʻlmagan mol-mulk qonuniy egalariga, mulkdorlariga yoki ularning huquqiy vorislariga, shuningdek, merosxoʻrlariga qaytarib berilishi kerak.
Bu qonuniy meʼyorlar jinoyatga aloqador boʻlmagan shaxsning mulkidan mahrum etilishining asossizligini koʻrsatib turibdi.
Xoʻsh, nega unda Gulnora Poʻlatova oʻz uyidan mahrum etildi? Uning xususiy mulkiga daxl qilishga kimning qanday haqqi bor? Bir mushtipar ayol nega boshpanasiz sargardon yuribdi?

 

N.Abduraimova, OʻzA