Achchiq haqiqat: Ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlam non sotib ololmay sarson boʻlmoqda...

Yurtimizda non narxining oʻzgarishi tufayli kam taʼminlangan, nogironligi boʻlgan, boquvchisini yoʻqotgan, ikki yoshgacha bola parvarishidagi nafaqa oluvchi, moddiy yordam oluvchi ehtiyojmand fuqarolarga eng kam ish haqining 10 foizi miqdorida kompensatsiya puli (hozirgi kunda 18 ming 430 soʻm) davlat byudjetidan toʻlab berish yoʻlga qoʻyildi.
Ana shunday puldan umidvor boʻlgan Olmazor tumani Gulzor mahallasida yashovchi eshitish va gapirishida nuqsoni boʻlgan bir guruh fuqarolar maʼlumotnoma toʻgʻrilamoqchi boʻlib, mahalla oqsoqolidan yoʻl-yoʻriq soʻragan. Ular maʼlumotnoma berish vakolatiga kirmasligini aytib, ularni davlat xizmatlari agentligiga yuboradi.
U yerda esa bunday maʼlumotni olish uchun 46 ming soʻm toʻlash kerakligi bu fuqarolarni ajablantiradi. 18 ming soʻm olish uchun 46 ming toʻlash qaysi mantiqqa sigʻadi?
Bizga qilingan mazkur murojaatni xolis oʻrganish maqsadida Olmazor tumani davlat xizmatlari agentligiga borib, xizmatlar narxini oʻrgandik, mutaxassislar bilan suhbatlashdik.
Bekor boʻlib ketgan maʼlumotnomalarni
soʻrash qachon toʻxtaydi…
– Ishonmasligingiz mumkin, lekin har kuni bir nechta fuqaro kelib janjal qiladi, – deydi bosh mutaxassis Mirodil Obidov. – Bizda xizmatlar pulli. Tashkilotlar esa bilib, bilmay bizga yuboradi. Misol uchun, maktabdan shu yerda yashaydigan degan maʼlumotnoma soʻrab kelishadi. Aslida biz ham maʼlumotnoma beramiz, lekin u boshqaroq. Masalan, qachonki, pasport yoʻqolsa uni tiklash uchun pasport stoliga shu fuqaro haqiqatdan ham koʻrsatilgan joyda turganmi, yoʻqmi shuni tasdiqlash kerak boʻladi. Bu kabi davlat xizmati koʻrsatganimiz uchun eng kam oylik ish haqining 10 foizi miqdorida yigʻim undiramiz. Misol uchun, ariza beruvchilar elektron raqamli imzo olish va unga 12.901 soʻm toʻlash kerak. Manzil maʼlumot uchun esa 18.400 soʻm toʻlanadi. Lekin 46 ming soʻm degan gap notoʻgʻri.
Mahalla maʼlumotnoma bermaydi. Ular notoʻgʻri talqin qilib, xalqni ovora qilmoqda. Axir, joriy yilning 3 oktyabrida qabul qilingan Vazirlar Mahkamasining qarorida 15 oktyabrdan davlat va xoʻjalik organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan davlat xizmatlari koʻrsatishda fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlarining bir qator tasdiqlovchi hujjatlarini taqdim qilish boʻyicha tartibi bekor qilingan edi. Shaxsning yashash joyi boʻyicha yashayotgani, ishsizligi, bolani, yolgʻiz shaxslarni, pensionerlarni va nogironlarni parvarish qilganlik haqidagi shular sirasidandir.
Agentlik xodimlarining javoblaridan koʻngli u qadar toʻlmagan shikoyatchilar bilan Olmazor tumani byudjetdan tashqari pensiya jamgʻarmasiga kirib bordik. Shu oʻrinda qayd etish kerakki, bu vaqtga kelib, voqealar bir oz oydinlashganday boʻldi. Biroq, kompensatsiya puli olish uchun maʼlumotnoma nega kerak? Pensiya berayotgan tashkilot uni avtomatik tarzda qoʻshib yuboradi-ku, degan fikrimizga shikoyatchilar “inspektorimiz agar yashash joyingdan maʼlumotnoma toʻgʻrilab kelsangiz, sizga ana shu pulni olib beraman”, degandi deb turib olishdi.
Eshitish va gapirishida nuqsoni boʻlgan bir guruh
fuqarolar “spravka” olish bilan ovvora…
Olmazor tumani byudjetdan tashqari pensiya jamgʻarmasi direktor oʻrinbosari Marat Esirboyev tumandagi 9 ming 500 nafardan koʻproq odamga 1 oktyabrdan “non puli” avtomatik tarzda oʻtkazib berilgani, buning uchun hech qanday maʼlumotnoma kerak boʻlmaganini alohida qayd etdi.
Unda inspektor nima uchun shuncha insonni ovora qilib, bekor boʻlib ketgan maʼlumotnoma soʻrab, umidlantiradi. Bu insonlar qancha hujjat tayyorlab, sarson boʻlib yuribdi-ku, degan soʻzlarimizga javoban shikoyatchilarning pasportlarini soʻradi. Bazadan ularning pensiyasi qanchaligi va “non puli” berilgan yoki berilmaganini tekshirib koʻrish uchun…
– Mana Nabiyeva Xolida bolalikdan nogiron boʻlgani uchun 18 ming soʻmdan koʻproq soʻmma avtomatik tarzda pensiyasiga qoʻshib berilgan, – deydi M. Esirboyev. – “Non puli” hammaga ham berilmaydi. U 360 ming soʻmdan kam nafaqa oluvchilarga beriladi. Yaʼni ish staji boʻlmagan, bolalikdan nogiron boʻlgan shaxslar bunday imtiyozga ega. Toʻgʻri, oralaringizda 360-365 ming soʻm pensiya oladiganlar bor ekan. Biroq, sizlar ikkinchi guruh nogironi boʻlsalaringiz-da, ish staji bilan pensiyaga chiqqaningiz uchun bu puldan foydalana olmaysiz.
Xullas, bir-birini tushunmagan yoki oʻz ishiga loqayd insonlarni deb, eshitish va soʻzlashda nuqsoni boʻlgan oʻnlab nogironlar ovora-yu sarson boʻldi. Behuda yumushlar uchun oltindan qimmat vaqtini yoʻqotdi.
Oʻlim haqida guvohnoma olib keldi, endi unga 
haqiqatan ham shu manzilda yashagani haqida 
maʼlumotnoma olib kelish soʻraldi…
Biz bilan birga pensiya jamgʻarmasiga kelgan davlat xizmatlari agentligi vakillari keraksiz maʼlumotnomalarni deb fuqarolarni sarson qilishga chek qoʻyish vaqti kelganini qayd etdi.
– Yaqinda bir ayol onasi 29 sentyabr kuni olamdan oʻtgani haqidagi guvohnomani olib kelibdi, – deydi ulardan biri. – Oʻlguniga qadar mazkur tumandagi tegishli manzilda yashagani haqida maʼlumotnoma kerak, sizlar berasizlarmi? deb soʻradi. Bu ayol onasining oʻlimidan keyin berilishi kerak boʻlgan ikki oylik nafaqani olish uchun bunday qogʻoz kerak ekanini aytdi. Bu qanaqasi qoʻlidagi oʻlim guvohnomasini oʻzi yetarli-ku. Biz bunday maʼlumotnoma bermasligimiz, xizmatlarimiz pulli ekani haqida aytsak, eshitmaydi, asabiylashadi. Shunga oʻxshagan voqealar koʻp.
Tavba, bu kabi sansalorliklar qachonga qadar davom etar ekan-a?..

 

Sayyora Shoyeva, OʻzA