Shavkat Mirziyoyev YUNЕSKO Bosh direktori bilan uchrashdi

Parij, 8-oktyabr. OʻzA maxsus muxbiri Abu Bakr OʻROZOV xabar qiladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev BMTning Taʼlim, fan va madaniyat masalalari boʻyicha tashkiloti Bosh direktori Odri Azule bilan uchrashdi.
YUNЕSKO BMTning 17 ta ixtisoslashgan muassasalaridan biri boʻlib, 1945 yil 16 noyabrda tuzilgan. Tashkilotning bosh qarorgohi Parij shahrida joylashgan. Bugungi kunda YUNЕSKOga 195 mamlakat aʼzo. Oʻzbekiston tashkilotga 1993-yil 26-oktyabrda aʼzo boʻlgan.
YUNЕSKOning asosiy maqsadi taʼlim, fan va madaniyat sohasidagi hamkorlikni kengaytirish orqali tinchlik va xavfsizlikni mustahkamlashga koʻmaklashishdir. YUNЕSKO norasmiy ravishda “BMT aql laboratoriyasi” deb ataladi. Javoharlaʼl Neru oʻz vaqtida YUNЕSKOga “insoniyat vijdoni” deb taʼrif bergan.
Prezident Shavkat Mirziyoyev Fransiya Respublikasiga rasmiy tashrif YUNЕSKOdagi uchrashuvdan boshlangani chuqur maʼno-mazmunga ega ekanini, Oʻzbekistonning ushbu tashkilot bilan hamkorligi izchil rivojlanib borayotganini taʼkidladi.
Odri Azule davlatimiz rahbarini samimiy qutlab, Oʻzbekiston bilan hamkorlik rivojida ushbu uchrashuv gʻoyat muhimligini qayd etdi.
Oʻzbekiston bilan ushbu tashkilotning hamkorligi izchil rivojlanmoqda. Mamlakatimiz YUNЕSKO Ijroiya kengashi tarkibiga ikki marta saylangan.
Tomonlar Oʻzbekistonning boy maʼnaviy merosini tiklash va chuqur oʻrganish borasida samarali hamkorlik qilib kelmoqda, madaniyat, taʼlim, fan va boshqa sohalarda turli loyihalarni birgalikda amalga oshirmoqda. Samarqand, Buxoro, Xiva va Shahrisabzdagi tarixiy-madaniy obyektlar YUNЕSKOning Jahon madaniy merosi roʻyxatiga kiritilgan. YUNЕSKO qaroriga muvofiq, 2001-yilda Buxoro “Tinchlik shahri” deb eʼlon qilindi.
Amir Temur, Mirzo Ulugʻbek, Ahmad Fargʻoniy, Imom Buxoriy, Kamoliddin Behzod kabi buyuk ajdodlarimiz, Samarqand, Buxoro, Xiva, Termiz, Shahrisabz, Qarshi, Toshkent, Margʻilon singari dunyoga mashhur shaharlarimiz, “Alpomish”, “Avesto” kabi bebaho adabiy yodgorliklar, Xorazm Maʼmun akademiyasining yubileylari YUNЕSKO shafeligida oʻtkazilgani ham hamkorlikning yuqori bosqichda ekanidan dalolat beradi.
Boysun madaniy merosi, Shashmaqom, Katta ashula va Navroʻz insoniyatning nomoddiy madaniy merosi sifatida YUNЕSKOning Reprezentativ roʻyxatidan joy olgan. Usmon Masʼhafi va Sharqshunoslik institutining qoʻlyozmalar toʻplami YUNЕSKOning “Jahon xotirasi” reyestriga kiritilgan.
1995-yilda YUNЕSKO shafeligida Samarqandda Markaziy Osiyo tadqiqotlari xalqaro instituti taʼsis etildi. Mamlakatimizning turli hududlarida YUNЕSKOning 8 kafedrasi va 10 markazi, 34 uyushgan maktablari ochilgan.
Oʻzbekistonning YUNЕSKO bilan hamkorligi mumtoz oʻzbek musiqiy merosini asrab-avaylash, rivojlantirish va ommalashtirishga ham xizmat qilmoqda. Xususan, YUNЕSKO koʻmagida Samarqand shahrida har ikki yilda bir marta “Sharq taronalari” xalqaro festivali oʻtkazib kelinayotgan boʻlsa, joriy yil sentyabr oyida Shahrisabzda ilk bor Xalqaro maqom sanʼati anjumani tashkil etildi.
Taʼlim sohasida ham istiqbolli hamkorlik oʻrnatilgan. Oʻzbekiston “Jaholatga qarshi maʼrifat” gʻoyasi asosida jismoniy va maʼnaviy barkamol shaxsni tarbiyalashga qaratilgan siyosatni amalga oshirmoqda.
Davlatimiz rahbari BMTning Yoshlar huquqlari toʻgʻrisidagi konvensiyasi va Bosh Assambleyaning “Maʼrifat va diniy bagʻrikenglik” nomli rezolyutsiyasini qabul qilish tashabbusini ilgari surdi.
Oʻzbekiston Prezidenti YUNЕSKO Bosh direktoriga ushbu tashkilot shafeligida turli millat va konfessiyalar vakillari istiqomat qilayotgan Buxoro shahrida tinchlik, bagʻrikenglik madaniyatini shakllantirish va ekstremizmning oldini olish boʻyicha Mirzo Ulugʻbek nomidagi xalqaro institut tashkil etish tashabbusini qoʻllab-quvvatlagani uchun minnatdorlik bildirdi.
Bosh direktor Odri Azule Oʻzbekistonning butun insoniyat boyligi boʻlgan madaniy-tarixiy merosni asrab-avaylash borasidagi siyosatini yuksak baholadi.
Uchrashuvda Oʻzbekiston bilan YUNЕSKO oʻrtasidagi 2018-2021 yillarga moʻljallangan qoʻshma Harakatlar rejasi qabul qilindi. Bu hujjat munosabatlarni yangi bosqichga koʻtarish, tomonlar oldida turgan vazifalarni birgalikda innovatsiyalar orqali hal etish va barcha yoʻnalishlarda oʻzaro hamkorlikni mustahkamlashga qaratilgan.
Konstruktiv ruhda oʻtgan uchrashuvda Oʻzbekiston bilan YUNЕSKO oʻrtasidagi hamkorlikni har tomonlama kengaytirish va mustahkamlashga doir masalalar muhokama qilindi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev YUNЕSKOning faxriy mehmonlar kitobiga dastxat yozib qoldirdi.

 

OʻzA