Toshkent shahar hokimligida xalq deputatlari Toshkent shahar Kengashining 40-sessiyasi boʻlib oʻtdi. Unda xalq deputatlari Toshkent shahar Kengashida Toʻy-hashamlar, oilaviy tantanalar, maʼraka va marosimlar, marhumlarning xotirasiga bagʻishlangan tadbirlar oʻtkazilishini tartibga solish masalalari boʻyicha komissiyasi tuzildi.

Toshkent shahar hokimligi matbuot xizmatining maʼlumotiga koʻra, sessiyada xalq deputatlari Toshkent shahar Kengashi tomonidan “Toshkent shahri Mirobod tumanidagi Yakkachinor koʻchasiga yangi nom berish toʻgʻrisida”gi qaror qabul qilindi. Endilikda ushbu koʻcha buyuk belorus shoiri Yakub Kolas nomi bilan ataladigan boʻldi.

Sessiya ishida Hindiston-Oʻzbekiston davlatlarining oʻzaro hamdoʻstligini mustahkamlash, Toshkent shahri aholisi va maʼmuriyati oldidagi siyosat, fan, madaniyat, sport, yoshlarni tarbiyalash va rivojlantirish, Toshkent va Dehli shaharlari doʻstligini rivojlantirish borasida yuksak xizmatlarini inobatga olib, Hindiston-Oʻzbekiston doʻstlik jamiyati raisi Anil Kumar Shastriga “Toshkent shahar Faxriy fuqarosi” unvonini berish toʻgʻrisidagi qaror tasdiqlandi.

Shu bilan birga, ayrim deputatlarning vakolatlari muddatidan ilgari tugatish toʻgʻrisida qaror qabul qilindi. Xalq deputatlari Toshkent shahar Kengashi tomonidan boʻshab qolgan saylov okruglar uchun deputatlar saylovi 2018 yil 14 oktyabr, yakshanba kuni qilib belgilandi.

 

OʻzA