Yangi yoʻl belgilari oʻrnatildi

Jizzax viloyatida avtoyoʻllarning taʼlim muassasalariga oʻtish joylarida yangi yoʻl belgilari oʻrnatildi.

Jizzax viloyati IIB Yoʻl harakati xavfsizligi boshqarmasi tashabbusi bilan bolalarni yoʻl-transport hodisalaridan asrash maqsadida serqatnov yoʻl boʻylarida joylashgan taʼlim muassasalari oldidagi piyodalar oʻtish joylariga yangi innovatsion gʻoyalar asosida oʻquvchilar mulyaji oʻrnatildi.

2.JPG

– Ushbu ogohlantiruvchi belgining oʻzgacha koʻrinishi haydovchini hushyorlikka chaqirishda yaxshi samara beradi, – deydi viloyat IIB Yoʻl harakati xavfsizligi boshqarmasi katta inspektori kapitan Erkin Ochilov. – Amalda qoʻllab kelinayotgan belgiga qaraganda koʻzga ancha olisdan va yaqqol tashlanadigan oʻquvchi mulyaji haydovchini transport vositasining tezligini kamaytirishga undashi aniq.

Ayni paytda bunday belgilar Jizzax shahri va tumanlardagi serqatnov yoʻl boʻylarida joylashgan barcha taʼlim muassasalariga oʻtish joylariga oʻrnatildi.

6.JPG

Shuningdek, viloyatda oʻtkazilayotgan “Diqqat, bolalar!” tadbiri doirasida ichki ishlar yoʻl harakati xavfsizligi xizmati xodimlari yangi oʻquv yilining ilk kunlarida maktablarda boʻlib, yoʻl harakati qoidalarini tushuntirmoqda. Oʻquvchilarda uydan maktabga va maktabdan uyga borishda yoʻllarda xavfsiz harakatlanish yuzasidan koʻnikma hosil qilish maqsadida ochiq darslar, suhbatlar oʻtkazilayotir. Bunda shu yil birinchi sinfga chiqqan oʻquvchilarga alohida eʼtibor qaratilmoqda.

 

Toshqul Beknazarov, OʻzA