1 sentyabrdan oliy taʼlim muassasalari professor-oʻqituvchilarining maoshi oshirildi

Prezidentimizning 2018-yil 5-apreldagi “Respublika oliy taʼlim va ilmiy-tadqiqot muassasalari xodimlarining mehnatiga haq toʻlash tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida“gi qaroriga muvofiq 2018-yil 1-sentyabrdan boshlab oliy taʼlim muassasalari professor-oʻqituvchilari va ilmiy-tadqiqot muassasalari ilmiy xodimlarining bazaviy lavozim maoshlari oʻrtacha 25 foizga oshirildi.
Xususan, fan doktori ilmiy darajasiga ega professorning ish haqi miqdori 38-44 foiz oshirilib, amaldagi 2 million 504 ming soʻm oʻrniga 3 million 460 ming soʻmni tashkil etadi.
Davlatimiz rahbarining 2018-yil 20-iyuldagi “Fan va oliy taʼlim sohasi xodimlarining mehnat haqi miqdorini yanada oshirish, ilmiy va ilmiy-texnik faoliyat natijalari joriy etilishini davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida“gi qarori bilan oliy taʼlim muassasalarining rahbar xodimlari va professor-oʻqituvchilar tarkibining ish haqi miqdorlari 2019-yil 1-yanvardan 20 foizga va 2019-yil 1-iyuldan 25 foizga oshirilishi belgilandi.
Ushbu qarorga muvofiq, fan doktori ilmiy darajasiga ega professorning ish haqi miqdori, Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligining rasmiy telegram kanaliga joylashtirilgan maʼlumotga koʻra, 2019-yil 1-iyulga kelib 5 million 550 ming soʻmga yetadi yoki bugungi kundagi oylik maoshi 2,2 barobarga oshadi.

 

OʻzA