Shahrisabz shahrida 6 sentyabr kuni Xalqaro maqom sanʼati anjumanining tantanali ochilish marosimi boʻlib oʻtdi.
Shu kunlarda tarix va kelajak tutashgan manzil – qadimiy Shahrisabzda bayramona ruh hukm surmoqda. Xalqaro maqom sanʼati anjumaniga koʻrilgan puxta tayyorgarlik shaharga oʻzgacha fayzu tarovat baxsh etgan. Soʻlim bogʻ va xiyobonlar, turfa gullar ifori tutgan koʻchalar kishiga xushkayfiyat bagʻishlaydi. Jahonning turli mintaqalaridan kelgan mehmonlar chehrasidagi mamnunlik, oʻzaro samimiy munosabat koʻhna Keshda katta bayram boshlanayotganidan darak beradi.
Qadim Shahrisabzga ohista oqshom qoʻnadi. Dunyoning tengsiz obidasi – Oqsaroy turfa chiroqlar nurida yanada mahobatli koʻrinadi. Garchi kuz fasli boshlangan boʻlsa-da, kishi nigohi ilgʻagan joygacha yashillik bilan burkangan maydonlar rivoyatni haqiqatga aylantirgandek. Ha, koʻhna Kesh bejiz yashil shaharga qiyoslanmagan.
Prezidentimizning 2017 yil 17 noyabrdagi “Oʻzbek milliy maqom sanʼatini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori va Xalqaro maqom sanʼati anjumanini Shahrisabzda oʻtkazish borasidagi tashabbusidan keyin shaharda qisqa fursatda ulkan ishlar amalga oshirildi.
Anjuman munosabati bilan tarixiy maskan Amir Temur xiyoboni oʻzgacha qiyofa kasb etdi. Oqsaroy atrofidagi maydonlarda mamlakatimiz viloyatlarining turmush tarzi, anʼana va urf-odatlarini ifoda etuvchietnografik shaharchalar barpo etildi. Ulardagi moʻʼjaz sahnalarda teatrlashtirilgan tomoshalar, folklor jamoalarining chiqishlari namoyish etilmoqda. Xorijlik sayyohlar hunarmandlar koʻrgazma-yarmarkalarida qadimiy soʻzana va liboslar, gilamlar, milliy cholgʻular, sopol buyumlar namunalari bilan tanishish, yurtimizning turizm salohiyatiga bagʻishlangan mehmon uylarida oilaviy marosimlarni koʻrish imkoniga ega boʻladi.
Buxoroning oʻziga xos ramzi hisoblangan Ark qalʼasi maketi, xorazmcha choʻgirmalar, Fargʻona vodiysi mehmondoʻstligining ramzi boʻlgan choyxonalar, tuyalar karvonlari yurtimiz boy tarixidan darak beradi. Mirzachoʻlning tilni yorar qovunlari, shirin-shakar mevayu uzumlarini koʻrgan kishi ulardan bir tatib koʻrsam, deydi.
YUNЕSKO roʻyxatiga kiritilgan Dorus-saodat va Dorut-tilovat majmualari, Kunduzak masjidi, Abdushukur Ogʻalik madrasasi, Chorsu bozori kabi qadimiy obidalar anjuman qatnashchilariga hayrat ulashadi.
Xalqaro maqom anjumanining oʻtkazilishi, shuningdek, “Qarshi – Shahrisabz” yoʻnalishida yuqori tezlikda harakatlanuvchi “Afrosiyob” elektr poyezdining qatnovi yoʻlga qoʻyilgani sayyohlikni yanada rivojlantirishga xizmat qiladi.
6 sentyabr, soat 19.00. Shahrisabz, Oqsaroy maydoni.
Anjuman ishtirokchilari va tomoshabinlar Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevni qarsaklar bilan kutib oladi.
Jahon mumtoz sanʼatining noyob namunasi boʻlgan maqom sanʼati boʻyicha xalqaro sanʼat anjumani davlatimiz rahbari tashabbusi bilan ilk marotaba oʻtkazilmoqda.
Maydonga ushbu sanʼat bayramida ishtirok etayotgan mamlakatlar vakillari taklif etiladi. Chorlov musiqasi yangraydi.
Soʻz Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevga berildi.
Davlatimiz rahbari Amir Temur bobomiz barpo etgan Oqsaroy maydonida oʻtayotgan xalqaro musiqa sanʼati anjumani ishtirokchilari va mehmonlarini qutlab, jahon xalqlarining musiqiy xazinasiga aylangan maqom sanʼatini koʻz qorachigʻidek asrab-avaylash, uni kelgusi avlodlarga bezavol yetkazish mazkur anjumanning asosiy maqsadi ekanini taʼkidladi. Oʻzbekistonning ushbu tashabbusini qoʻllab-quvvatlab, nufuzli sanʼat anjumanida ishtirok etish uchun tashrif buyurgan xalqaro tashkilotlar, maqom ijrochiligi boʻyicha katta maktabga ega mamlakatlar madaniyat sohasi mutasaddilari, sanʼat arboblariga minnatdorlik bildirdi.
Xalqaro musiqa bayramining ochilishiga bagʻishlangan teatrlashtirilgan konsert dasturi boshlanadi. Sahnada mumtoz navolar yangraydi. Ajoyib tomosha uzoq-uzoq yurtlarga translyatsiya qilindi.
Xalqaro sanʼat anjumani oʻzbek milliy maqom sanʼatining noyob namunalarini targʻib etish, uni asrab-avaylash, yosh avlodni mumtoz navolarga hurmat ruhida tarbiyalash, xalqlar oʻrtasida doʻstlik rishtalarini mustahkamlashga xizmat qiladi. Ushbu anjumanda 73 davlatdan 300 dan ziyod ishtirokchi va mehmon qatnashayotgani uning yuksak maqomi va nufuzidan dalolatdir.
Yurtimizda maqom sanʼati qadimdan rivojlangan. Sohibqiron Amir Temur maqomning ilk maktabini Shahrisabz zaminida shakllantirgani tarixiy manbalarda yozib qoldirilgan. Tarixchi Sharafiddin Ali Yazdiy “Zafarnoma” asarida Amir Temur davrida oʻtkazilgan musiqiy anjumanlar haqida yozar ekan, shunday qayd etadi: “Yaxshi ovozli xonandalar kuylashni boshlab, gʻazalu naqsh aytur erdilar. Va turku uygʻur, moʻgʻul va xitoyu arab va ajamdin har kim oʻz rasmi bilan nagʻma aytur erdi”.
Bugun ham yurtimizda oʻz hofizi yo sanʼatkori boʻlmagan qishloq yoki mahalla yoʻq. Xonadonida dutor, doʻmbira, doira kabi cholgʻu asbobini saqlash oʻzbekning udumiga aylangan. Xalqimizning kuy-qoʻshiqqa, sanʼatga bunday mehri, musiqa madaniyati oila muhitida shakllangan va rivojlangan.
Xalqimizning musiqiy tafakkuri hosilasi sifatida yaratilgan durdonalar jahon hamjamiyati tomonidan tan olingan. “Shashmaqom”, “Katta ashula” insoniyatning eng durdona kashfiyotlari sifatida YUNЕSKOning Jahon nomoddiy madaniy merosi roʻyxatiga kiritilgani fikrimiz tasdigʻidir.
Bugun sanoqli xalqlarda saqlanib qolgan maqomning mohiyatida ajdodlarimizning boy tafakkuri mujassam. Shu bois, yurtimizda uni rivojlantirishga katta eʼtibor qaratilmoqda. Koʻhna maqom sanʼatining badiiy-estetik ahamiyatini tiklash, zamonaviy musiqiy jarayonning ajralmas tarkibiy qismi sifatida ijodiy, ijro va ilmiy salohiyatini yuzaga chiqarish yoʻlida salmoqli ishlar boshlandi.
– Koʻplab xalqaro festivallarda ishtirok etganman, biroq Oʻzbekistonda yuksak saviyada tashkil etilayotgan Xalqaro maqom sanʼati anjumani koʻrganlarim ichida eng aʼlosidir, – deydi Florensiya universiteti professori Pyero Dolara. – Anjuman qadimiy sanʼat turi boʻlgan maqomni targʻib qilishga qaratilgani bilan ham ahamiyatlidir. Ushbu musiqa bayrami maqom falsafasini, uning benazir jozibasi, nazokati va nafosatini oʻzida mujassam etgan. Har qanday ohang inson qalbining eng nozik nuqtalariga yetib borishi, dillarni maftun etishini bayramni tomosha qilib yana bir bor angladim. Sahnada xalqingizning ulugʻ oʻtmishi, boy sanʼati ifodasi boʻlgan qoʻshiqlarni tinglab rohatlandik. Bu, shubhasiz, Oʻzbekistonning sanʼat rivojiga qoʻshayotgan ulkan hissasidir.
– Oqsaroy atrofidagi qadimiy shaharchada hunarmandlik, dehqonchilik udumlari, toʻy sahnalarini koʻrsatmoqdamiz, – deydi Qashqadaryo viloyati musiqali drama teatri bosh rejissyori Isʼhoq Toʻrayev. – Xorijlik mehmonlar xalqimizning bebaho merosga ega ekani va ajdodlardan meros qadriyatlarimizni bugun ham bezavol saqlab kelayotganiga tahsin aytishmoqda. Bu qadriyatlarga hurmat yurtimizda yuksak darajada ekanidan dalolatdir.
…Sahnada “Shashmaqom”ning dunyoda eʼtirof etilgan 6 shoʻʼba tarmogʻiga mansub mumtoz ashulalar yangraydi. Viloyatlarning folklor namunalari, betakror raqslar dillarni joʻshtiradi. Shoʻx kuy-qoʻshiqlardan zavqlangan tomoshabinlar sanʼatkorlarga joʻr boʻladi.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan poytaxtimizda Maqom markazi tashkil etilmoqda, barcha viloyatlarda maqom ansambllari faoliyat koʻrsatmoqda. Ular faoliyati allaqachon oʻz natijalarini bera boshladi, toʻylarimizda maqomlar ijro etilmoqda. Maqom anjumani doirasida olib borilgan targʻibot ishlari samarasida 7 yoshdan 70 yoshgacha boʻlgan yurtdoshlarimizning maqom sanʼatiga mehri yanada oshdi. Mazkur anjuman har ikki yilda oʻtkazilishini inobatga olsak, kelgusida maqom sanʼatiga munosabat tubdan oʻzgarishi shubhasiz.
– Viloyatimizdagi 22 bolalar musiqa va sanʼat maktabining 20 tasida maqomchilar ansambllari bor. Yaqinda universitetimizda ham shunday jamoa faoliyati yoʻlga qoʻyildi, – deydi Termiz davlat universiteti musiqiy taʼlim kafedrasi mudiri Abdurayim Tursunov. – Ushbu nufuzli anjuman tanlovida surxondaryolik yoshlar ham ishtirok etmoqda. Maqsadimiz kelajakda yaxshi ovozlar, yangi isteʼdodlarni tarbiyalab, milliy sanʼatimizni dunyoda yanada keng targʻib qilishga hissa qoʻshishdir. Bunda mazkur sanʼat anjumani yoshlarimiz uchun ulkan tajriba maktabi boʻlib xizmat qiladi.
10 sentyabrga qadar davom etadigan sanʼat anjumanida 29 davlat vakillari maqomning turli yoʻnalishlarida oʻzaro bahslashadi. Xalqaro hayʼat ishtirokchilarni “Eng yaxshi maqom ansambli”, “Eng yaxshi yakkaxon cholgʻu ijrochisi” va “Eng yaxshi yakkaxon xonanda” nominatsiyalari boʻyicha baholaydi.
Anjuman doirasida “Maqom musiqiy sanʼati va uning jahon sivilizatsiyasida tutgan oʻrni” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya, jahon va oʻzbek maqom sanʼati ustalari ishtirokidagi badiiy chiqishlar, yosh maqom ijrochilari tanlovi, ilmiy-ijodiy taqdimotlar, davra suhbatlari va boshqa tadbirlar tashkil etiladi.