Himoya orderi — bu tazyiq va zo‘ravonlikdan jabrlanuvchiga davlat himoyasini taqdim etuvchi, xotin-qizlarga tazyiq o‘tkazayotgan yoki ularga nisbatan zo‘ravonlik sodir etgan shaxsga yoxud bir guruh shaxslarga nisbatan tegishli choralar qo‘llanilishiga sabab bo‘ladigan hujjat hisoblanadi.
Endi tazyiq va zo‘ravonlikdan jabrlangan ayollar my.gov.uz portali orqali “Himoya orderi”ni olishga onlayn ariza topshirishi mumkin. Murojaat profilaktika inspektoriga taqdim etilgan vaqtdan boshlab 24 soat ichida ko‘rib chiqiladi. Himoya orderi zo‘ravonlik sodir etgan shaxsga nisbatan bir qator cheklovlar qo‘yadi. Himoya orderi ichki ishlar organlarining tayanch punkti profilaktika (katta) inspektori tomonidan beriladi.
Bunga tazyiq va zo‘ravonlik sodir etishni taqiqlash, zo‘ravonning jabrlanuvchi bilan aloqasini taqiqlash, jabrlanuvchi va zo‘ravonning bir xonada bo‘lishini taqiqlash, zo‘ravon zimmasiga jabrlanuvchining davolanish, yetkazilgan moddiy va ma’naviy zararini qoplash majburiyatini yuklash hamda zo‘ravonning qurol saqlash va olib yurish huquqini cheklash kabilar kiradi.
Ma’lumot o‘rnida ta’kidlash lozimki, himoya orderi 30 kun muddatgacha beriladi va ushbu order rasmiylashtirilgan paytdan e’tiboran kuchga kiradi. Tazyiq va zo‘ravonlik to‘g‘risida habar bergan shaxslar hamda tazyiq va zo‘ravonlikdan jabrlangan xotin-qizlar to‘g‘risidagi shaxsga doir ma’lumotlar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda qo‘riqlanadi.
Muhayyo Toshqorayeva,
O‘zA