Huquqiy munosabat

Bolani parvarishlash ta’tillaridan bolaning otasi, buvisi, bobosi yoki bolani haqiqatda parvarishlayotgan boshqa qarindoshlari yoki vasiysi ham to‘liq yoki qismlarga bo‘lib foydalanishi mumkin.

Bunda nafaqa puli qanday beriladi? Bola ikki yoshga to‘lgunga qadar bola parvarishi bo‘yicha oylik nafaqa kimlarga to‘lanadi? Ishlab turib ham ushbu nafaqani olsa bo‘ladimi?

Toshkent davlat yuridik universiteti Yuridik klinikasi xodimi Imomali Tuyev bu bo‘yicha tushuntirish berdi.

–Mehnat kodeksining 405-moddasiga asosan homiladorlik va tug‘ish ta’tili tugaganidan keyin, ayolning xohishiga ko‘ra, unga bolasi ikki yoshga to‘lguniga qadar bolani parvarishlash ta’tili berilib, bu davr uchun O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadigan tartibda nafaqa to‘lanadi.

Ayol yoki ushbu moddaning uchinchi qismida ko‘rsatilgan shaxslar xohishiga ko‘ra, bolani parvarishlash ta’tili vaqtida to‘liqsiz ish vaqti shartlari asosida yoki ish beruvchi bilan kelishuv bo‘yicha uyda ishlashi mumkin. Bunda ularning bola parvarishlash nafaqa olish huquqi saqlab qolinadi.

Mehnat kodeksining 186-moddasiga asosan mehnat shartnomasi taraflarining kelishuviga ko‘ra xodimga ishga qabul qilish chog‘ida va keyinchalik to‘liqsiz ish vaqti (to‘liqsiz ish kuni (smena) va (yoki) to‘liqsiz ish haftasi, shu jumladan ish kunini qismlarga bo‘lgan holda) belgilanishi mumkin. To‘liqsiz ish vaqti ham muddati cheklanmagan holda, ham mehnat shartnomasi taraflari kelishgan har qanday muddatga belgilanishi mumkin.

Vazirlar Mahkamasining 314-son qarori 2-ilovasi 10-bandiga asosan bola parvarishi bo‘yicha nafaqa parvarish qilinayotgan bolalar sonidan va nafaqa oluvchi shaxsning mehnat stajidan qat’i nazar budjetdan tashqari tashkilotlarda ishlayotgan xodimlarga har oyda mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorining 60 foizi miqdorida to‘lanadi.

Mehnat kodeksining 410-moddasiga asosan Ushbu Kodeksda bolaning otasiga yoki oilaviy vazifalarni bajarish bilan mashg‘ul boshqa shaxslarga (onadan tashqari) mehnat sohasida qo‘shimcha kafolatlar nazarda tutilgan hollarda, ular bolaning onasi yoki oilaviy vazifalarni bajarish bilan mashg‘ul boshqa shaxs bu kafolatlardan foydalanmayotganini tasdiqlovchi hujjatni ish joyiga topshirishi kerak bo‘ladi.

Agar bolaning onasi ishlamasa hamda bolaning parvarishi va tarbiyasi bilan mashg‘ul bo‘lsa yoxud ishlasa hamda ushbu paragrafda nazarda tutilgan kafolatlardan foydalansa, otaga yoki oilaviy vazifalarni bajarish bilan mashg‘ul boshqa shaxslarga mazkur kafolatlar berilmaydi.

Demak bolani ikki yoshgacha parvarishlash nafaqasini, bolaning otasi, bobo-buvisi yoki boshqa qarindoshlari ham olishi mumkin. Ham ish haqi, ham bola parvarishlash nafaqasini olish uchun bolani parvarishlash nafaqasini olayotgan shaxs to‘liqsiz ish vaqtida ishlashi kerak bo‘ladi. Shunda ham oylik, ham bolani parvarishlash nafaqasini oladi.

Gulnoza Boboyeva,

O‘zA