Qonun loyihasiga sharh
Bugungi kunda yoshlar o‘rtasida elektron sigaretalarni iste’mol qilish ortib bormoqda. Achinarlisi, maktab o‘quvchilari va qizlar ham bu zararli vositalardan foydalanishmoqda. Tahlillarga ko‘ra, elektron sigaretalardan foydalanuvchi 18-29 yoshdagi yoshlar 32 mingdan ortiq.
Bugun 30 mingga yaqin o‘g‘il bolalar va 9 mingga yaqin qizlar chekishga moyil, 12 mingdan ortiq bolalar va o‘smirlar ushbu sigaretalarni muntazam chekadi.
2021-2023 yillarda mamlakatimizga qiymati 28,5 million dollarlik 5 million 400 ming dona elektron sigaretalar xorijdan import qilingan bo‘lib, bu ko‘rsatkich avvalgi yillarga nisbatan 80 baravarga oshgan.
Ko‘pchilik elektron sigaretalarning zarari kamroq deb o‘ylaydi. Ammo uning tarkibidagi nikotin suyuqligining insonga salbiy ta’siri narkotik moddadan ham ko‘ra ko‘proq. Elektron sigaretalar organizmda nikotinga qaramlikni oshiradi, bolalar va o‘smirlarda miya rivojlanishiga, intellekt, bilim va qobiliyatning pasayishiga, ruhiy agressivlik rivojlanishiga olib keladi.
Shuningdek, bronx-o‘pka tizimida zaharlanish, astma, bronxit, o‘limga olib keluvchi yallig‘lanish, saratonni keltirib chiqarishi mumkin. Markaziy nerv tizimi, buyrak va jigar funksiyasining buzilishi, shuningdek, gipertaniya, insult, infarkt kabi yurak-qon tomir kasalliklari rivojlanishiga olib keladi.
Bugungi kunda dunyoning 37 mamlakatida elektron sigareta aylanmasi taqiqlangan. Xususan, Norvegiya, Eron, Iroq, Turkiya, Singapur, Turkmaniston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Belgiya kabi mamlakatlarda elektron sigaretalarni sotish taqiqlangan.
Endilikda O‘zbekistonda ham elektron sigaretalar muomalasiga chek qo‘yish, taqiqlash masalasi qonun darajasida mustahkamlanmoqda. Oliy Majlis Qonunchilik palatasining majlisida elektron sigaretalarning muomalasini taqiqlash hamda javobgarlik belgilashga qaratilgan qonun loyihasi birinchi o‘qishda qabul qilindi.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Noiba Inoyatova mazkur qonun loyihasining ahamiyati va unda ko‘zda tutilayotgan normalar haqida so‘zlab berdi:
— Bugun elektron sigaretalarni iste’mol qilayotgan yoshlar orasida qizlarning ham borligi achinarli. Loyiha bilan elektron sigaretalar muomalasiga taqiq qo‘yilmoqda va bu tartibni buzganlik uchun tegishli javobgarlik aks etmoqda. Qonun loyihasining qabul qilinishi millat genofondini asrash, kelajak avlod vakillarining salomatligini ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etadi, — deydi deputat.
Muhtarama Komilova, Doniyor Yoqubov, Anvar Ahmedov (video), O‘zA