O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi Qoraqalpog‘iston bo‘limi tomonidan Shimoli-g‘arbiy harbiy okrugi bilan hamkorlikda Vatan himoyachilari kuni oldidan ommaviy axborot vositalari vakillari uchun press-tur tashkil etildi.
Tadbir ishtirokchilari Qoraqalpog‘iston Respublikasi Mudofaa ishlari boshqarmasida, ushbu boshqarma huzuridagi Chaqiriluvchilarni harbiy-texnik mutaxassisliklar bo‘yicha tayyorlash markazida hamda Nukus garnizonidagi safarbarlik chaqiruvi rezervi batalonida bo‘lib, harbiy xizmatchilar hamda askarlarga yaratilgan sharoitlar bilan yaqindan tanishdi.
So‘nggi yillarda harbiy sohaga bo‘layotgan e’tibor tufayli bugungi kunga kelib yuzlab harbiy ob’ektlar, dala-o‘quv maydonlarining infratuzilmasi butkul yangicha qiyofa kasb etib, tamomila zamonaviy ko‘rinishga ega bo‘lmoqda. Bularning barchasi harbiy kasb nufuzini oshirish, harbiy xizmatchilarga qulay va xavfsiz xizmat sharoitlarini yaratishga qaratilgan.
2024 yilda Qoraqalpog‘iston Respublikasi harbiy-ma’muriy sektori tomonidan navbatdagi harbiy ob’ekt – Qoraqalpog‘iston Respublikasi Mudofaa ishlari boshqarmasining yangidan qurilgan binosining foydalanishga topshirilishi bunga yaqqol misoldir.
Ta’kidlash joiz, Mudofaa ishlari boshqarmasi har bir o‘spirin yigit uchun armiyaning ostonasi, yoshlarda vatanparvarlik tuyg‘ularini shakllantiradigan maskan hisoblanadi. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Mudofaa ishlari boshqarmasining yangi binosi endilikda mamlakatimiz mudofaa salohiyatini yuksaltirishga, eng sara qoraqalpog‘istonlik yoshlarni armiya saflariga tayyorlashda ko‘maklashishga, xalqimiz va armiyamiz o‘rtasidagi mustahkam ko‘prik vazifasini o‘tamoqda.
Prezidentimiz tashabbusi bilan 2017 yilda tashkil etilgan harbiy-ma’muriy sektor tizimi haqiqatan ham yurtimiz taraqqiyoti, xalqimiz farovon turmushi uchun xizmat qiladigan tizim sifatida e’tirof topgan. Qoraqalpog‘iston Respublikasida olib borilayotgan bunyodkorlik ishlariga hamohang tarzda zamonaviy va ko‘rkam ko‘rinishda barpo etilgan boshqarmaning yangi binosi Qoraqalpog‘iston xalqiga xizmat qilib, harbiy xizmatchilar va xodimlarga juda ko‘p qulayliklari bilan afzal kelmoqda.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Mudofaa ishlari boshqarmasi 1992 yilda tashkil etilgan bo‘lib, boshqarmaning ma’muriy binosi 2020 yilga qadar Nukus shahridagi “Qoraqalpog‘iston” ko‘chasida joylashgan edi. 2020 yilda shaharda olib borilgan katta qurilish va yangilanishlar sabab, ma’muriy bino o‘rnida ko‘p qavatli turar joy binolari qurildi hamda boshqarma ma’muriyati vaqtincha Qoraqalpog‘iston Respublikasi Mudofaa ishlari boshqarmasining yig‘in punktida joylashtirilgan edi. Yig‘in punkti oldidagi ilgari bo‘sh turgan yer maydonida endilikda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Mudofaa ishlari boshqarmasining ikki qavat va yerto‘ladan iborat ma’muriy bino qad rostladi.
Zamonaviy dizayn asosida qurilgan va aholiga xizmat ko‘rsatish uchun barcha qulayliklarga ega bo‘lgan ushbu binoda navbatchilikni o‘tash uchun xona, boshqaruv punkti, arxiv, jismoniy va yuridik shaxslarni qabul qilish uchun maxsus joy, chaqiriluvchilar va hisobda turuvchilar haqida elektron ma’lumotlar bazasini yuritish xonasi hamda 30 ta xizmat xonasi mebel, kompyuter jamlanmalari va boshqa zarur buyumlar mavjud.
Armiyaning jangovar qudrati, salohiyati, buyuk ajdodlarimizning jasoratidan so‘zlovchi ko‘rgazmali vositalar bilan bezatilgan binoning ichki devorlari bu yerga kelgan yoshlarga Qurolli Kuchlarimiz haqida kengroq bilimlarga ega bo‘lishini ta’minlaydi. Oliy harbiy ta’lim muassasalari va “Temurbeklar maktab”lari haqida batafsil ma’lumotlarni yetkazadi.
Dovud Abibullayev, Maqsad Habibullayev (surat), O‘zA