AOKAda Ta’limni rivojlantirish respublika ilmiy-metodik markazi axborot xizmati rahbari Shavkat Xo‘jaqulov ishtirokida brifing tashkil etildi.
Mutaxassisga ko‘ra, o‘tgan vaqt mobaynida Markaz tomonidan “Davlat ta’lim standartlari va davlat ta’lim talablarini ishlab chiqish hamda joriy etish tartibini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaror loyihasi tayyorlangan va Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlangan.
“Maktabgacha, umumiy o‘rta va maktabdan tashqari ta’lim tashkilotlari uchun o‘quv-metodik majmualarni yaratish, tajriba- sinov va ekspertizadan o‘tkazish tizimini takomillashtirish to‘g‘risida”gi normativ-huquqiy hujjat loyihasi ishlab chiqilgan.
Shuningdek, YUNESKOning Milliy o‘quv dasturi prototipi, Singapur, Buyuk Britaniya, Germaniya, Rossiya, Qozog‘iston kabi mamlakatlar tajribalari asosida “Umumiy o‘rta ta’limning o‘quv dasturlarini ishlab chiqish va joriy etish bo‘yicha yo‘riqnoma” hamda “Umumiy o‘rta ta’limning o‘quv dasturi maketi” tasdiqlandi.
O‘quv adabiyotlariga rasmiy maqom hamda nashr etishga ruxsat berish to‘g‘risidagi guvohnomasini rasmiylashtirish uchun tizimga biriktiriladigan hujjatlar va talablar ro‘yxati, ekspertizadan o‘tkazish hamda baholash mezonlari shakllantirildi.
Raqamli ta’lim resurslari va ulardan foydalaniladigan dasturiy vositalarga qo‘yiladigan umumiy talablar hamda Maktabgacha, umumiy o‘rta va maktabdan tashqari ta’lim tashkilotlari uchun o‘quv-metodik majmualarini yaratishga qo‘yiladigan talablar ishlab chiqildi.
O‘zbekiston Respublikasida mavjud ta’lim turlari YUNESKOning “Ta’limning xalqaro standart tasniflagichi” darajalariga to‘liq muvofiqlashtirildi.
Shu bilan birga, Abdulla Avloniy nomidagi pedagogik mahorat milliy instituti bilan hamkorlikda “TIMSS – 2023” tadqiqotining O‘zbekiston uchun Milliy ensiklopediyasi ishlab chiqildi. Xalqaro PISA tadqiqotlarida foydalanilgan va ochiq e’lon qilingan topshiriqlarga doir videodarslar e’lon qilindi.
Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA