Hukumat qarori bilan aholini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashda “ijtimoiy karta” tizimini joriy etish chora-tadbirlari belgilandi.
Batafsil sharh
Hozir elektron hujjatlar, elektron imzo, elektron pochta va xabarlar bilan ishlaydigan zamon. Zamonaviy jamiyatda “qog‘ozbozlik” degan tushuncha “o‘lik tushuncha”ga aylanib borayotir. O‘zbekiston hukumati ham davlat xizmatlarini ko‘rsatishda aniqlik va samaradorlikni oshirish, fuqarolarni keraksiz qog‘ozbozlik va navbatlardan xalos qilish borasida izchil sa’y-harakatlarni olib bormoqda.
Yaqinda “Aholini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashda “ijtimoiy karta” tizimini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Hukumat qarori qabul qilindi.
Qarorga ko‘ra, ijtimoiy kartani muomalaga chiqarish va foydalanish uchun taqdim etish moliyaviy agent vazifasini bajaruvchi rezident tijorat banklari tomonidan amalga oshiriladi.
Bunda barcha fuqarolar uchun dastlab elektron ijtimoiy karta muomalaga chiqariladi va foydalanish uchun taqdim etiladi. Bank kartasi shaklidagi ijtimoiy karta fuqarolarning xohishiga ko‘ra muomalaga chiqariladi va foydalanish uchun taqdim etiladi.
Ijtimoiy kartani muomalaga chiqarish va foydalanish uchun taqdim etish bo‘yicha arizalar quyidagilar orqali taqdim etiladi:
– YAIDXP (my.gov.uz);
– “Ijtimoiy karta” mobil ilovasi;
– “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlari hamda alohida hollarda ijtimoiy xodimlar;
– moliyaviy agent.
Qarorga ko‘ra, ijtimoiy kartani muomalaga chiqarish va foydalanish uchun taqdim etish quyidagi shaxslarga uch ish kuni ichida bepul amalga oshiriladi:
– kambag‘al oilalar reyestriga kiritilgan oilalar (shaxslar);
– “Ijtimoiy himoya yagona reyestri” axborot tizimi orqali kam ta’minlangan deb e’tirof etilgan oilalar;
– ko‘p bolali oilalarning a’zolari;
– nogironligi bo‘lgan shaxslar;
– o‘zgalar parvarishiga muhtoj shaxslar bo‘lgan yolg‘iz yashovchi va yolg‘iz keksalar;
– o‘zgalar parvarishiga muhtoj shaxslar parvarishi bilan band bo‘lgan shaxslar;
– yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalar;
– vasiylar (homiylar);
– tutingan ota-onalar;
– muomalaga layoqatsiz shaxslar;
– muomala layoqati cheklangan shaxslar;
– muomalaga layoqatsiz va muomala layoqati cheklangan shaxslarning qonuniy vakillari;
– pensionerlar;
– davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan stipendiya to‘lanayotgan talabalar;
– davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan stipendiya to‘lanayotgan o‘quvchilar (tinglovchilar);
– shahar yo‘lovchi transportidan (taksidan tashqari) bepul foydalanish huquqiga ega bo‘lgan shaxslar (Ijtimoiy himoya milliy agentligi tomonidan belgilangan aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj toifalariga haq undirilmagan holda o‘n besh kun muddatda yetkazib beriladi).
Bunda ijtimoiy karta uning amal qilish muddati tugamasidan oldin, shu jumladan, yaroqsiz holga kelganda yoki yo‘qotilganda, pulli asosda almashtiriladi.
Yuqorida nazarda tutilmagan boshqa shaxslarga ijtimoiy kartani berganlik uchun bank xizmatlari to‘lovi bazaviy hisoblash miqdorining o‘n foizini tashkil qiladi. Elektron ijtimoiy karta esa barcha fuqarolarga mobil ilova orqali real vaqt rejimida bepul asosda muomalaga chiqariladi va foydalanish uchun taqdim etiladi.
Ijtimoiy kartani samarali amaliyotga tatbiq etish hamda “Ijtimoiy karta” AT va mobil ilovaning lozim darajada ishlashini ta’minlash maqsadida 2025 yil 1 yanvardan boshlab “Ijtimoiy karta” AT va mobil ilovani texnik qo‘llab-quvvatlash ijtimoiy karta bo‘yicha to‘lov xizmatlarini ko‘rsatuvchi to‘lov tashkilotining tunu-kun faoliyat ko‘rsatadigan texnik xizmati tomonidan amalga oshiriladi.
2025 yil 1 fevraldan ijtimoiy kartani muomalaga chiqarish va foydalanish uchun taqdim etish masalalari bo‘yicha Ijtimoiy himoya milliy agentligining axborot-ma’lumotnoma xizmatlarini ko‘rsatuvchi “1070” qisqa raqamli va tunu-kun faoliyat ko‘rsatadigan xizmati (“Ishonch telefoni”) faoliyati test rejimida yo‘lga qo‘yiladi.
2025 yil 1 iyuldan boshlab Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali va «Ijtimoiy karta» mobil ilovasida quyidagi hujjatlarning unifikatsiyalangan raqamli servislari joriy etiladi:
– O‘zbekiston fuqarosining biometrik pasporti;
– O‘zbekiston fuqarosining identifikatsiyalovchi ID kartasi;
– Haydovchilik guvohnomasi;
– Tug‘ilganlik haqida guvohnoma;
– Nikoh qayd etilgani haqida guvohnoma;
– Nikohdan ajralganlik haqida guvohnoma;
– Transport vositasining ro‘yxatdan o‘tkazilgani to‘g‘risida guvohnoma (texnik pasport, texnik talon);
– Pensiya (nafaqa) guvohnomasi;
– Fuqaroligi bo‘lmagan shaxsning yashash guvohnomasi (ID kartasi)
– Nogironlik to‘g‘risida ma’lumotnoma;
– Transport vositasining majburiy sug‘urta (fuqarolik javobgarligi) bo‘yicha sug‘urta polisi;
– Oliy, o‘rta-maxsus, kasb-hunar va professional ta’lim olganlik to‘g‘risida davlat namunasidagi rasmiy hujjat;
– Talabalik guvohnomasi;
– Yakka tartibdagi tadbirkorning davlat ro‘yxatidan o‘tkazilganligi to‘g‘risida guvohnoma;
– O‘zini-o‘zi band qilgan shaxs sifatida ro‘yxatdan o‘tganligi to‘g‘risida ma’lumotnoma;
– Turar joy ob’ektlarining kadastr pasporti;
– Jismoniy shaxsning shaxsiy avtomototransport vositasini boshqa shaxslarga boshqarish huquqini beruvchi ishonchnoma.
Bunda my.gov.uz va “Ijtimoiy karta” mobil ilovasida ushbu raqamli servislardan foydalanish imkoniyati yaratiladi va ular O‘zbekiston Respublikasi hududida majburiy tartibda qabul qilinadi.
Mazkur raqamli servislarning qog‘oz nusxalari banklarda, notarial idoralarda, aeroportlarda ichki reyslarni ro‘yxatdan o‘tkazishda va O‘zbekiston Respublikasi hududidan o‘tuvchi poyezdlarga chiqishda, davlat, korporativ va boshqa xizmatlarni ko‘rsatish, shu jumladan, elektron xizmat ko‘rsatishda hamda fuqarolarni qabul qilishda tegishli hujjatlarni taqdim etishni talab qiladigan davlat organlari va boshqa tashkilotlarda talab etilmaydi. 2025 yil 1 oktyabrdan boshlab fuqarolar o‘z xohishiga ko‘ra kerakli hujjatni qog‘oz shaklida yoki mobil ilova orqali raqamli shaklda taqdim etish huquqiga ega bo‘ladi.
2025 yil 1 yanvardan boshlab yangi tayinlangan ijtimoiy to‘lovlar ijtimoiy karta orqali to‘langanda, oluvchining ilgari tayinlangan boshqa ijtimoiy to‘lovlari ham ijtimoiy karta orqali to‘lab beriladi.
2025 yil 1 fevraldan boshlab belgilangan tartibda tasdiqlangan ro‘yxatga muvofiq miqdori bazaviy hisoblash miqdorining o‘ttiz foizidan oshmaydigan reabilitatsiya qilishning texnik vositalarini xarid qilish uchun mablag‘lar ushbu vositalarga muhtojlik belgilangan shaxslarning ijtimoiy kartasiga o‘tkazib beriladi.
Shuningdek, ijtimoiy karta orqali to‘langan nafaqa, kompensatsiya va boshqa to‘lovlar (pensiyalar bundan mustasno) mablag‘laridan ijtimoiy to‘lovlarni oluvchi oilalarning a’zolari, Kambag‘al oilalar reyestriga kiritilgan oilalarning a’zolari hamda oxirgi 12 oy davomida “Ijtimoiy himoya yagona reyestri” axborot tizimi orqali kam ta’minlangan deb e’tirof etilgan oilalarning a’zolariga spirtli ichimliklar va tamaki mahsulotlari uchun to‘lovni amalga oshirish, shuningdek, tadbirkorlik sub’ektlari tomonidan ushbu mahsulotlar uchun to‘lovni qabul qilish taqiqlanadi.
2025 yil 1 apreldan boshlab ijtimoiy karta transport kartasi, shu jumladan, jamoat transporti uchun qonunchilik hujjatlarida belgilangan shahar yo‘nalishlari bo‘yicha tarif rejalaridan foydalangan holda imtiyozli transport kartasi vazifasini bajaradi.
Qarorga ko‘ra, yuqoridagilar Toshkent shahri va Toshkent viloyatining Yangiyo‘l tumanlarida mazkur qaror rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran, respublikaning boshqa hududlarida esa 2025 yil 1 iyuldan boshlab kuchga kiradi.
Umidjon Qurbonov, O‘zA