“O‘zto‘qimachiliksanoat”: Xitoy bilan hamkorlik yangi bosqichda

Poytaxtimizda tashkil etilgan biznes-forum O‘zbekiston va Xitoy to‘qimachilik sanoati sohasida hamkorlik qilish masalalariga bag‘ishlandi.
“O‘zto‘qimachiliksanoat” uyushmasi, O‘zbekiston Respublikasi Tashqi savdo, Iqtisodiyot vazirliklari, “UzTrade” aksiyadorlik jamiyati va Xitoyning tekstil va kiyim-kechak milliy kengashi hamkorligida tashkil etilgan tadbirda ikki davlat to‘qimachilik sanoati vakillari ishtirok etdi.
Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar qulay ishbilarmonlik muhitini yaratib, to‘qimachilik sanoatining yanada rivojlanishida muhim ahamiyat kasb etmoqda. Davlatimiz rahbarining 2018-yil 1-avgustdagi “O‘zbekiston Respublikasida investitsiya muhitini tubdan yaxshilash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni yengil sanoat tarmoqlarida istiqbolli investitsiya loyihalarini jalb etishda muhim hujjat bo‘ldi.
– Prezidentimizning 2017-yil may oyida Xitoy Xalq Respublikasiga davlat tashrifi doirasida erishilgan kelishuvlar ijrosini ta’minlash hamda tekstil va tikish-trikotaj tarmog‘idagi ikki tomonlama hamkorlik munosabatlarini yanada mustahkamlash ushbu tadbirning asosiy maqsadidir, – dedi “O‘zto‘qimachiliksanoat” uyushmasi raisi o‘rinbosari Baxtiyor Muhammadsaidov. – Shu maqsadda “O‘zto‘qimachiliksanoat” uyushmasi taklifiga binoan Xitoyning tekstil va kiyim-kechak milliy kengashi raisi boshchiligidagi delegatsiya yurtimizga tashrif buyurdi. Delegatsiya a’zolari Buxoro, Qashqadaryo, Samarqand va Sirdaryo viloyatlarining investitsiyaviy salohiyati bilan yaqindan tanishishga musharraf bo‘ldi. Ular tanishuv taassurotlarini bugungi forumda bayon qilib, to‘qimachilik sanoati bo‘yicha munosabatlarni mustahkamlash haqida o‘z fikrlarini bildirdi.
– Biz 30 nafardan ortiq delegatsiya a’zolari O‘zbekistonda paxtani qayta ishlash va yengil sanoatdagi yutuqlari bilan tanish maqsadida yurtingizga keldik, – dedi Xitoyning tekstil va kiyim-kechak milliy kengashi raisi o‘rinbosari Chen Dapeng. – Mamlakatingizda yengil sanoat rivojida amalga oshirilayotgan islohotlar va sarmoyadorlar uchun yaratilayotgan qulayliklardan juda mamnunmiz. Bu esa bizni o‘zbek hamkorlarimiz bilan munosabatlarimizni yanada mustahkamlaydi.
Tadbirda ishtirokchilarga xorijlik sarmoyadorlar uchun yaratilgan imkoniyat va imtiyozlar haqida batafsil ma’lumotlar berildi.

 

N.Ziyodullayeva, O‘zA