Oliy Majlis Qonunchilik palatasining majlisida yo‘llarda harakatlanish xavfsizligini ta’minlashga qaratilgan qonun loyihasi ikkinchi o‘qishda ko‘rib chiqildi.
— Mamlakatimizda yo‘llarda harakat xavfsizligini ta’minlash, harakat ishtirokchilari uchun qulay va xavfsiz sharoitlarni yaratish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda, — dedi deputat Gulshana Xudoyorova. — Ushbu qonun loyihasi bilan trotuarlar, piyoda va velosiped yo‘laklari hamda ularga tutash hududlarda barpo etilgan yashil maydonlarda avtotransport vositalarini yurgizishning (bundan maxsus avtotransport vositalari mustasno) oldini olishga qaratilgan normalar belgilanmoqda.
Shuningdek, aholi tomonidan yo‘l harakati ishtirokchilarining harakatiga to‘sqinlik qiluvchi noqonuniy to‘siqlarni va boshqa qurilmalarni o‘rnatish holatlariga chek qo‘yish uchun javobgarlik choralari nazarda tutilmoqda. Qonun loyihasining qabul qilinishi yo‘llarda harakat ishtirokchilari xavfsizligini ta’minlash, ularning erkin harakatlanishiga sharoit yaratishga xizmat qiladi.
Moddama-modda muhokamalar davomida deputatlar ayrim normalar bo‘yicha aniqlashtiruvchi savollarni o‘rtaga tashladi va mutasaddilardan javoblar oldi. Muhokamalardan so‘ng qonun loyihasi deputatlar tomonidan ikkinchi o‘qishda qabul qilindi.
Muhtarama Komilova,
O‘zA