O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti, Qurolli Kuchlar Oliy Bosh qo‘mondoni Shavkat Mirziyoyev raisligida joriy yil 12 yanvar kuni o‘tkazilgan Xavfsizlik Kengashining kengaytirilgan yig‘ilishida berilgan topshiriqlar asosida viloyatda aniq chora-tadbirlar ishlab chiqilgan. Xususan, yoshlarni harbiy vatanparvarlik ruhida tarbiyalash hamda ularning bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkil etish orqali harbiy xizmatga qiziqtirish, kasb-hunar va tadbirkorlik sohasiga o‘qitishga alohida e’tibor qaratilyapti.
O‘smir yigit borki, bir bora bo‘lsa-da, harbiylar hayoti bilan tanishish, harbiy libos kiyishni orzu qiladi. “Jasorat maktabi” o‘quv yig‘ini ana shunday yoshlar uchun ayni muddao bo‘lmoqda.
“Yoshlar forumi-2024” doirasida “Jasorat maktabi” o‘quv-yig‘inining navbatdagi mavsumi ochilish marosimi bayramona shukuhda o‘tkazildi.
Unda so‘zga chiqqanlar yoshlarga ishonch bildirib, ularni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, hayotda o‘z o‘rnini topishi, kasb-hunar o‘rganishi, bandligini ta’minlash hamda yurtimiz kelajagi uchun daxldorlik hissini uyg‘otish maqsadida davlatimiz tomonidan yaratilayotgan imkoniyatlarni ta’kidladi.
Yoshlar o‘zlarining qiziqishlaridan kelib chiqib, mutasaddilarga, harbiylarga savollar bilan yuzlandilar hamda kerakli tavsiya va tushunchalar oldilar.
Tadbir davomida harbiy qism shaxsiy tarkibining “Qo‘l jangi” chiqishlari yig‘ilganlarga xarbiycha ruh bag‘ishladi. Shuningdek, yig‘in ishtirokchilari qurol-yarog‘, harbiy texnika ko‘rgazmalari bilan tanishdi.
Ahmadjon Shokirov, Behzod Saidov(surat), O‘zA muxbirlari