Prezidentimiz tashabbusi bilan har yili dekabr oyining ikkinchi yakshanbasi mamlakatimizda Qishloq xo‘jaligi xodimlari kuni sifatida keng nishonlanmoqda. Nukus shahrining Otchopar maydonida ushbu sanaga bag‘ishlab tantanali bayram tomoshalari bo‘lib o‘tdi.
Tadbirning ochilish marosimida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi Raisi Amanbay Orinbayev so‘zga chiqib, yig‘ilganlarni Qishloq xo‘jaligi xodimlari kuni bayrami bilan muborakbod etdi.
Ta’kidlanganidek, davlatimiz rahbarining O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi xodimlariga yo‘llagan bayram tabrigidagi “Ana shunday murakkab sharoitga qaramasdan, joriy yilda sizlarning mashaqqatli mehnatingiz bilan yurtimizda 9 million tonna don, 3 million tonnadan ortiq paxta, 16 million tonnadan ziyod sabzavot va poliz, 5 million tonna meva va uzum, 4 million tonna kartoshka, 15 million tonnadan ko‘p go‘sht va sut, 30 ming tonna pilla yetishtirilgani – chinakam qahramonlik namunasi, desak, har tomonlama to‘g‘ri bo‘ladi” degan fikrlari soha xodimlarini yangi yutuqlarga boshlaydi, albatta.
Darhaqiqat, o‘tgan qisqa davr mobaynida qishloq xo‘jaligida olib borilayotgan islohotlar soha taraqqiyotida mustahkam asos bo‘lib xizmat qilmoqda. Ayniqsa, Prezidentimizning joriy yil 9 fevraldagi “Qoraqalpog‘iston Respublikasini kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish va aholi bandligini ta’minlashning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori bilan joriy yilda qishloq xo‘jaligi sub’ektlariga 52 milliard 342 million so‘mlik imtiyozli kredit ajratilganligi, lazerlik tekislangan yerlarga sarflangan dizel yoqilg‘isi narxlarini qoplash uchun 1 milliard 200 million so‘mlik subsidiya berilganligi, Beruniy, Amudaryo, Chimboy va Qonliko‘l tumanlarida texnika-servis sohalari tashkil etilib, zarur qishloq xo‘jaligi texnikalari bilan ta’minlangani, baliqchilik xo‘jaliklari faoliyatini rivojlantirish maqsadida “Qoraqalpoqbaliq” birlashmasining tashkil etilganligi bularning barchasi sohaga qaratilayotgan alohida e’tiborning amaliy ifodasidir.
Shu bilan birga, joriy yilning 786 dona qishloq xo‘jaligi texnikasi lizing asosida olib kelingani va buning uchun 6 yarim milliard so‘mlik subsidiya berilgani, 20 ming gektardan ortiq ekin maydonlari qayta foydalanishga kiritilgani va 16 ming 554 gektar maydonga suv tejovchi texnologiyalar joriy qilingani, 138 milliard 260 million so‘m mablag‘ hisobidan irrigatsiya-melioratsiya ob’ektlarida 187 km qurilish-rekonstruksiya ishlari va 490 km ta’mirlash-tiklash ishlari olib borilganligi, 151,4 km magistral kanallar va ichki qoplamalar betonlanganligi, 36 ta qishloq xo‘jaligi agroklasteri faoliyatining yo‘lga qo‘yilgani – bularning barchasi bu sohada jonbozlik ko‘rsatib mehnat qilayotgan xodimlar daromadlarining oshishiga va iqtisodiyotimizning yanada mustahkamlanishiga xizmat qilmoqda.
Bundan tashqari, yil boshidan buyon oziq-ovqat savdosini rivojlantirish maqsadida 94 milliard so‘mlik 64 ta loyiha ishga tushirilgani, 28 million AQSH dollarlik 53,4 ming tonna qishloq xo‘jaligi mahsuloti eksport qilingani, chorvachilik, baliqchilik, asalarichilik yo‘nalishlarida 151 ta loyiha ish boshlaganligi, xorijiy davlatlardan 709 bosh naslli qoramol va 2 ming 500 bosh qo‘y-echki olib kelingani zabardast dehqon va fermerlarimizning imkoniyatlari kengayib borayotganidan dalolat.
Bayram tantanasida yurtimizda agrar sohada samarali faoliyat olib borayotgan bir qator mehnat faxriylari rag‘batlantirildi. Jumladan, “Eng ilg‘or fermer”, “Eng yaxshi bog‘bon” “Eng yaxshi chorvador fermer” nominatsiyalari g‘oliblari Prezident sovg‘asi traktor, mini traktor hamda motoroller bilan taqdirlandi. Shuningdek, “Eng yaxshi parrandachi”, “Eng yaxshi baliqchi”, “Eng yaxshi asalarichi”, “Eng yaxshi ipakchi”, “Eng yaxshi mexanizator”, “Eng yaxshi kombaynchi”, “Eng yaxshi qorako‘lchilik xo‘jaligi”, “Eng yaxshi irrigator”, “Eng yaxshi meliorator”, “Eng yaxshi veterinar”, “Eng yaxshi o‘simliklarni himoya qiluvchi laborant” nominatsiyalari g‘oliblariga qimmatbaho sovg‘alar topshirildi.
Bayram tomoshalari xalq va milliy sport o‘yinlari bilan davom etdi. Dastlab, arqon tortish musobaqalari o‘tkazildi va unda Chimboy tumani birinchi, Qo‘ng‘irot tumani ikkinchi, Taxtako‘pir tumani jamoasi uchinchi o‘rinlarni egalladi.
Qo‘chqorlar urushi o‘yinlari ham tomoshabinlarda katta qiziqish uyg‘otdi. Unda Nukus shahri, Beruniy, Qonliko‘l, Qo‘ng‘irot, Amudaryo tumanlaridan kelgan qo‘chqorlar g‘alaba qozondi. Har bir g‘olib chiqqan qo‘chqor egalariga gibrid motoroller, keyingi o‘rinlarga elektromotoroller, skuter, televizor va boshqa qimmatbaho sovg‘alar topshirildi.
Bayram ishtirokchilari e’tibori polvonlar bellashuviga qaratildi. Bosh bayroq uchun maydonda Nukus tumanidan Zaxiriddiyin Zaytov va Ichki ishlar organi xodimi Yernazar Sarsenbayev bahslashdi. Bir-biriga munosib polvonlar bellashuvida Yernazar Sarsenbayev g‘alaba qozondi. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi Raisi Amanbay Orinbayev polvonga bosh bayroq – Prezidentimiz sovg‘asi 50 million so‘m pul mukofotini topshirdi. Ikkinchi o‘rin egasi Z.Zaytov muzlatgich, uchinchi o‘rinni egallagan Qo‘ng‘irot tumanidan E.Aytbayev, shumanaydan M.Abdixalikov qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlandi. Boshqa vazn toifasida bellashgan polvonlarga pul mukofoti topshirildi.
Bundan keyin bir, uch, besh, yetti, o‘n aylanishga otlar musobaqasiga respublikaning barcha tumanlaridan kelgan mohir chavandozlar tashkilotchilar tomonidan qo‘yilgan qimmatbaho sovg‘alar uchun poygaga tushdi. Ayniqsa, o‘n aylanishdagi ot chopish barchaning diqqat markazida bo‘ldi. Unda poygaga birinchi bo‘lib kelgan Kegeyli tumanidan Mahsud Abdirazaqov tulpori bosh bayroqni qo‘lga kiritdi. Unga Prezidentimiz sovg‘asi “Onix” avtomashinasi topshirildi. Keyingi o‘rinlarni egallagan chavandozlar, shuningdek, “Qiz quvish”, “Tanga olish”, “Ko‘pkari” musobaqa g‘oliblariga ham sovg‘alar topshirildi.
Bayram ishtirokchilariga dehqonlarimiz tomonidan yetishtirilgan qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yarmarkasi, mohir oshpazlar tomonidan tayyorlagan turli taomlar taqdim etildi. San’at ustalari ijrosidagi konsert dasturi bayram ishtirokchilariga katta zavq bag‘ishladi. Qishloq xo‘jaligi xodimlari kuniga bag‘ishlab o‘tkazilgan bayram tomoshalari xalq sayli bilan davom etdi.
Dovud Abibullayev, Maqsad Habibullayev (surat), O‘zA