Odamni vaqt ichra “yo‘qolishi”ga sabab bo‘layotgan, diniy ma’ruzadan tortib, behayo kontentlarni-da o‘z ichiga olgan platforma – kun mavzusi.

“TikTok” – 2016 yil Xitoyda “Douyin” nomi bilan ishga tushirilgan, 2017 yil xalqaro bozorga “TikTok” brendi ostida chiqqan ijtimoiy media tarmog‘i. Foydalanuvchilarga 15 soniyadan 3 minutgacha davom etadigan qisqa video lavhani yaratish va baham ko‘rish imkonini beradi. Innovatsion formati, odamlarni jalb qilish usullari bilan juda tez ommaviylashib, mashhurlikka erishdi. Afsuski, bugungi kunda ushbu platformaning ijtimoiy nojo‘ya ta’siri va salbiy jihatlari ham yuzaga chiqqan.

Yaratilishi va maqsadi

“TikTok” dastlab Xitoyning “ByteDance” kompaniyasi tomonidan ishlab chiqilgan. Chjan Imin boshchiligidagi jamoa qisqa video yaratishga mo‘ljallangan yangi platforma ishlab chiqish maqsadida shu ishga qo‘l urgan. Asosiy maqsad obunachilarga kreativlik namoyon etish, muntazam aloqada bo‘lish va ko‘ngil ochar kontent yaratish imkonini berish ekani aytiladi.

Ushbu loyiha asosida joylashgan algoritm foydalanuvchilar qiziqishiga mos kontent taklif qiladi. Bu esa o‘z navbatida platforma tezda ommalashishiga sabab bo‘ladi. “TikTok”ning “duet”, “reaksiya” kabi funksiyalari odamlarni o‘zaro muloqotga undaydi.

Salbiy jihatlar

Ayni payt “TikTok” tezkor tarqalishi bir qator muammolarni ham keltirib chiqardi.

Ma’lumot xavfsizligi. Ma’lumot yig‘ilishi va saqlanishi foydalanuvchilar shaxsiy hayotini xavf ostiga qo‘yishi mumkin.

Qaramlik. Qisqa video yordamida kishida vaqtini behuda sarflashga moyillik paydo bo‘ladi. Ko‘pchilik ushbu tarmoq tufayli vaqtini boshqarishga qiynalmoqda, bu ruhiyatga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin.

Urf-odatlar yemirilishi. Ayrim materiallar nojo‘ya hatti-harakatni targ‘ib qilmoqda. Natijada qadriyatlarga ziyon yetib, yoshlar orasida noto‘g‘ri tushunchalar urchib ketishi ehtimoli oshyapti.

Virus. Doimiy ravishda yaratiladigan yangi trendlarning ayrimlari zararli bo‘lishi yoki noodatiy hatti-harakat keltirib chiqaradi.

Xullas, ijtimoiy aloqaning yangi turi – “Tik-Tok”ning salbiy jihatlari ham bisyor. Platforma yosh avlod uchun kreativlik manbai sifatida namoyon bo‘lmoqda. Faqat muayyan xavfdan doimiy ogohlik zarur. Foydalanuvchi o‘z vaqtini boshqarish hamda shaxsiy ma’lumotini himoya qilish masalasiga jiddiy yondashish lozim.

Birgina tahlil orqali sarlavhadagi savolga aniq javob aytish fikridan yiroqmiz. Faqat har qanday texnologiya kabi “Tik-Tok” ham to‘g‘ri foydalanilgandagina ijobiy natija berishi mumkinligini eslatmoqchimiz, xolos.

Musulmon Ziyo, O‘zA