Nukus shahridagi “Tele markaz” mahalla fuqarolar yig‘inida “Long Water” korxonasi tomonidan tozalangan ichimlik suvi ishlab chiqarish loyihasini ishga tushirish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Unda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi Raisi Amanbay Orinbayev so‘zga chiqib, yig‘ilganlarni yangi korxonaning ishga tushirilishi bilan muborakbod etdi.
Ta’kidlanganidek, davlatimiz rahbari tomonidan Qoraqalpog‘iston uchun alohida qabul qilingan farmon va qarorlar hududda tadbirkorlikni yanada rivojlantirish, investitsion jozibadorlikni oshirishda mustahkam asos bo‘lib xizmat qilmoqda. Xitoylik investorlar tomonidan umumiy qiymati 1 million 200 ming dollarlik to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiya kiritish hisobiga yangidan ishga tushirilgan korxonada “Chilpiq” brendi bilan tozalangan ichimlik suvi ishlab chiqarilmoqda.
Korxona yiliga 5,7 ming tonna tozalangan ichimlik suvi ishlab chiqarish quvvatiga ega. Uskunalar Xitoy davlatidan keltirilib o‘rnatilgan bo‘lib, 29 ta doimiy ish o‘rni yaratildi. Albatta, bunday yangi loyihalarning ishga tushirilishi yangi ish o‘rinlari yaratilishiga va mamlakatimiz iqtisodiyotini mustahkamlashga xizmat qiladi.
Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri