Nukus shahridagi 46-sonli ayrim fanlar chuqurlashtirib o‘qitiladigan umumta’lim maktabida Kembrij o‘quv dasturi asosida o‘qitish tizimi joriy etilgan sinflar ochilib, dastlabki darslar boshlandi.

Joriy yilning 12 fevral kuni Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi Raisi Amanbay Orinbayevning Kembrij xalqaro eksperti Stiv King bilan uchrashuvida mamlakatimizda ilk bor Qoraqalpog‘iston Respublikasidagi umumiy o‘rta ta’lim maktabida Kembrij o‘quv dasturi asosida o‘qitish tizimi joriy etiladigan sinflarni ochish bo‘yicha kelishuvga erishilgan edi. Bu borada Qoraqalpog‘iston Respublikasi Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri G.Kojabayeva boshchiligidagi delegatsiya Angliyada xizmat safarida bo‘lib, ikki tomonlama Kembrij o‘quv dasturi memorandumi imzolandi.

Mazkur sinflarga o‘quvchilarni, ularga dars beradigan o‘qituvchilarni saralab olish uchun Qoraqalpog‘iston Respublikasi Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligining kkbilimlendiriw.uz sayti orqali tanlov e’lon qilindi. O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi huzuridagi Ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari agentligi tomonidan nomzod o‘qituvchilar uchun uch bosqichli hamda ushbu sinflarda o‘qish istagini bildirgan o‘quvchilar uchun ikki bosqichli tanlov o‘tkazildi. Shundan sayt orqali ro‘yxatga olingan 315 nafar o‘quvchi orasidan test sinovlaridan muvaffaqiyatli o‘tgan 40 nafari tanlab olindi.

Ushbu sinflarda aniq hamda tabiiy fanlarning ingliz tilida o‘qitilishi o‘sib kelayotgan yosh avlodga chet tilini chuqur o‘rganish orqali dunyoning eng nufuzli oliy o‘quv yurtlarida bilim olish imkoniyatini beradi.

Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri