Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat akademik musiqali teatrida 1 dekabr – Qoraqalpog‘iston Respublikasining “Davlat tili haqida”gi Qonuni qabul qilinganligining 35 yilligiga bag‘ishlangan tantanali yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.

Dastlab, O‘zbekiston va Qoraqalpog‘iston Respublikalarining davlat madhiyalari – yangradi.

Tadbirda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi Raisi A.Orinbayev, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Davlat tilini rivojlantirish departamenti mudiri N.Xolbo‘tayev  so‘zga chiqib, yig‘ilganlarni 1 dekabr – “Davlat tili haqida”gi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Qonuni qabul qilinganligining 35 yillik bayrami bilan muborakbod etdi.

Ta’kidlanganidek, har bir xalqning o‘ziga xos xususiyatini, taraqqiyoti va kelajagini belgilashda ona tilining o‘rni alohida sanaladi. Prezidentimiz rahnamoligida mamlakatimizda davlat tilini rivojlantirishga qaratilayotgan alohida e’tibor natijasida ona tilimizning nufuzi va qadr-qimmati yildan-yilga ortib bormoqda.

Jumladan, so‘nggi yillarda bu borada qator normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilingani, Vazirlar Kengashi huzurida Qoraqalpoq tilini rivojlantirish departamenti va Qoraqalpoq tilini rivojlantirish jamg‘armasi faoliyat olib borayotgani, qardosh xalqlar va jahon adabiyotining saylanma asarlari qoraqalpoq tiliga tarjima qilinayotgani, qoraqalpoq tilida audio-kitoblarning chiqarila boshlangani, ijtimoiy hayotimizning barcha jabhalarida qoraqalpoq tilidan keng foydalanilgani bularning barchasi davlat tilini rivojlantirish yo‘nalishida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarning samarasidir.

Ona tilimizni yoshlarimizga chuqur o‘rgatish va bunday muvaffaqiyatli vazifani amalga oshiradigan oliy ma’lumotli kadrlarni tayyorlash bugungi kunning muhim yo‘nalishlaridan sanaladi. Hozirgi vaqtda Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universiteti va Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika institutida qoraqalpoq tili mutaxassisligida ming nafardan ziyod yoshlar ta’lim olayotgan bo‘lsa, umumta’lim maktablarida o‘quvchilarga 1 ming 800 nafarga yaqin qoraqalpoq tili fani o‘qituvchisi dars bermoqda. Shu o‘rinda ta’kidlash joiz, kelgusi yildan boshlab milliy sertifikatga ega bo‘lgan qoraqalpoq tili fani o‘qituvchilarining ish haqiga to‘lanadigan qo‘shimcha ustamalar miqdorini sezilarli darajada oshirish belgilanmoqda. Albatta, bu o‘qituvchi-murabbiylarni qo‘llab-quvvatlashda alohida o‘rin tutadi.

Shular bilan birga, o‘tgan qisqa davr mobaynida “Qoraqalpoq tilining izohli lug‘ati”ning 7 jildligi 7 ming nusxada, og‘zaki adabiyotimizning sara namunalari bo‘lgan “Qoraqalpoq folklori”ning 101-106-jildlari ming nusxada, lingvistik va psixologik terminlarning izohli lug‘ati 1 ming 500 nusxada chop etilganligi qoraqalpoq adabiy tilining yanada boyishiga va milliy madaniy merosimizni qayta tiklashga beqiyos hissa qo‘shadi.

Qolaversa, bugungi kunda “Qoraqalpog‘istonning geografik nomlar ensiklopedik lug‘ati” nashrdan chiqish arafasida turgan bo‘lsa, “Qoraqalpoq tilining izohli lug‘ati”ning ko‘p jildligini lotin alifbosida nashr etish bo‘yicha tegishli ishlar olib borilmoqda.

Shuningdek, bayram arafasida jahon adabiyotining saralangan namunasi, dunyoda eng ko‘p, ya’ni 140 million nusxada sotilgan Antuan de Sent-Ekzyuperining  “Kichkina shahzoda” asarining qoraqalpoq tilida 2 ming nusxada chop etilgani kitobxonlarga haqiqiy bayram sovg‘asi bo‘ldi. Shuni alohida faxr bilan aytish joiz, yaqindagina Turk akademiyasi tomonidan chop etilgan Turkiy tillarning til bilimi, iqtisodiy va harbiy terminlari lug‘atlarida qoraqalpoq tilining ham o‘rin olganligi bu yo‘ldagi yana bir muhim qadamlardan biri bo‘ldi, desak, mubolag‘a  bo‘lmaydi.

Qolaversa, bu yil qoraqalpoq adabiy tilining shakllanishi va rivojlanishiga salmoqli hissa qo‘shgan buyuk mumtoz shoir Ajiniyoz Qo‘siboy o‘g‘lining 200 yilligi yurtimizda va xalqaro miqyosda keng nishonlanayotgani ijodkorlarga g‘urur va iftixor tuyg‘usini bag‘ishlaydi.  Albatta, bularning barchasi ona tilimizni mashaqqat bilan rivojlantirish va keng targ‘ib qilish yo‘lidagi muvaffaqiyatli ishlardan sanaladi.

Shu bilan birga, bugungi zamon talabidan kelib chiqib, qoraqalpoq tilini raqamlashtirish bo‘yicha ham bir qator samarali ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, qoraqalpoq tilidagi audiokitoblar platformasi va mobil ilovasi yaratilganligi, jahon adabiyoti, o‘zbek va qoraqalpoq adabiyotining yuzga yaqin eng mashhur asarining audio varianti tayyorlanganligi, qolaversa, Toshkent shahrida Qoraqalpoq tiliga davlat tili huquqi berilganining 35 yilligiga bag‘ishlangan ilmiy-nazariy konferensiya tashkil etilgani har bir yurtdoshimizda alohida g‘urur va iftixor tuyg‘ularini uyg‘otmoqda.

Hozirgi globallashuv va axborot asrida ona tilimizni sof saqlash va uni kelajak avlodga bezavol yetkazish barchamizning eng ezgu maqsadlarimizdan biridir. Albatta, buni faqat ustoz-murabbiylargina emas, balki shu yurtda yashab turgan har birimizning Vatan oldidagi burchimiz, deb his etishimiz kerak.

Tantanali tadbir ishtirokchilariga san’at ustalari va yosh ijrochilarning konsert dasturi ham namoyish etildi.

Dovud Abibullayev, Maqsad Habibullayev (surat), O‘zA