Samarqandda Mustaqil davlatlar hamdo‘stligi(MDH)ga a’zo mamlakatlarning Monopoliyaga qarshi siyosat bo‘yicha davlatlararo kengashining 57-majlisi bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda tashkilotga a’zo davlatlar monopoliyaga qarshi kurashish idoralari rahbarlari va delegatsiyalar vakillari ishtirok etdi.
Majlis avvalida Monopoliyaga qarshi siyosat bo‘yicha davlatlararo kengash raisi Maksim Shaskolskiy, O‘zbekiston Respublikasi Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi raisi Xalilullo To‘raxo‘jayev bundan oldingi yig‘ilishdan keyin amalga oshirilgan ishlar, bu galgi majlis kun tartibidan o‘rin olgan masalalar haqida so‘z yuritdi.
Jumladan, X.To‘raxo‘jayev bugungi kunda raqamli texnologiyalar talablariga javob berish uchun monopoliyaga qarshi mexanizmlarni takomillashtirish va xalqaro hamkorlikni chuqurlashtirish zarurligini qayd etib, bu iqtisodiy o‘sish va xalqlarimiz farovonligini oshirishga xizmat qilishini ta’kidladi.
Majlis ishtirokchilari avvalgi yig‘ilish qarorlarining bajarilishi, hamdo‘stlikka a’zo davlatlarda raqobat siyosatining asosiy jihatlari, hamda qonunbuzilishining oldini olish bo‘yicha hisobotni ko‘rib chiqdilar. So‘zga chiqqanlar raqobat siyosatini rivojlantirish bo‘yicha o‘z mamlakatlarida amalga oshirilayotgan tashabbuslar haqida ma’lumot berib, monopoliyaga qarshi kurashish bo‘yicha o‘z tajribalari bilan o‘rtoqlashdilar. Zamonaviy raqamli iqtisodiyot sharoitida yangi yondashuvlarni ishlab chiqish hamda xalqaro hamkorlikning ahamiyati alohida ta’kidlandi.
– Monopoliyaga qarshi kurashish va raqobat muhitini yaxshilash davlat iqtisodiyotiga ijobiy ta’sir ko‘rsatib, taraqqiyotga xizmat qiladi, – deydi Qirg‘iz Respublikasi Monopoliyaga qarshi kurashish va tartibga solish xizmati rahbari Jenali O‘razbayev. – Bu har bir davlatning o‘z iqtisodiy siyosatidan kelib chiqsa-da, umumiy maqsad va qarashlarimiz mushtarak. Shuning uchun Monopoliyaga qarshi siyosat bo‘yicha davlatlararo kengashining majlislarida bu borada o‘zaro tajriba almashib, ilg‘or ish uslublarini o‘rganamiz. Bir-birimizga bog‘liq iqtisodiy munosabatlar yuzasidan qonunchilikni takomillashtirish bo‘yicha fikrlashib olamiz. Samarqandda o‘tkazilgan navbatdagi majlisimizda ham bu borada qator kelishuvlarga erishdik.
Kengash a’zolari raqobat muhitini rivojlantirish, iste’molchilar huquqlarini himoya qilish va raqamli bozorlarni tartibga solish masalalarini atroflicha muhokama qildilar. MDH davlatlarining raqobatni himoya qilish va adolatli bozor muhitini yaratish yo‘lida birgalikda amalga oshirilayotgan harakatlari mintaqada iqtisodiy barqarorlik va rivojlanishni ta’minlashga xizmat qilishi ta’kidlandi.
O‘zbekiston Respublikasi Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Farrux Karabayev qo‘mita faoliyati, Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasi doirasida amalga oshirilayotgan islohotlar hamda davlatimizning jahon savdo tashkilotiga qo‘shilish jarayoni haqida taqdimot qildi. Taqdimotda davlatimizning chuqur raqamli transformatsiya jarayonidan o‘tayotgani va raqamli platformalarni tartibga soluvchi yangi qoidalar joriy etilgani, raqobat qonunchiligini buzganlik uchun jarimalar miqdori oshirilgani va qo‘mita taklifiga binoan davlat tomonidan 13 ta eksklyuziv huquqning bekor qilingani alohida qayd etildi.
Tadbir doirasida raqobat siyosatini rivojlantirish, xalqaro hamkorlikni mustahkamlash va antimonopol masalalarni samarali hal etishdagi yutuqlari uchun majlis ishtirokchilarining bir guruhi Monopoliyaga qarshi siyosat bo‘yicha davlatlararo kengash hamda MDH davlatlarining monopoliyaga qarshi organlari mukofotlari topshirildi.
Monopoliyaga qarshi siyosat bo‘yicha davlatlararo kengashning 57-majlisida muhokama etilgan masalalar yuzasidan tegishli hujjatlar qabul qilindi.
G‘.Hasanov, O‘zA muxbiri