Shu kunlarda Qirg‘iziston Respublikasi Ichki ishlar vazirining o‘rinbosari, militsiya general-mayori Oktyabr Urmambetov boshchiligidagi delegatsiya O‘zbekistonga tashrif buyurdi.
Qirg‘izistonlik mehmonlar dastlab O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vaziri o‘rinbosari general-mayor Bekmurod Abdullayev va tegishli xizmatlar boshliqlari bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Shundan so‘ng delegatsiya vakillari O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Axborot xizmati faoliyati bilan tanishdi.
Mehmonlar shu yerdagi yaratilgan zamonaviy shart-sharoitlar bilan tanishdi. Xizmat tomonidan vazirlik sohaviy xizmatlari faoliyatining ommaviy axborot vositalarida yoritilishi hamda mavjud ijodiy materiallarni ko‘zdan kechirib, amaliyotga tatbiq qilingan yondashuvlarga yuqori baho berdi.
Mehmonlar Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasida bo‘lib, Kiberxavfsizlik markazi, Axborot multimedia markazi va Yagona tezkor boshqaruv markazi hamda Bosh boshqarma tarixi muzeyi bilan yaqindan tanishdi. Yurtimizda olib borilayotgan islohot va ichki ishlar tizimining bugungi qiyofasi haqida iliq fikrlar bildirildi.
***
O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi rahbariyati va Turkiya Ichki ishlar vazirligi delegatsiyasi ishtirokida ikki tomonlama hamkorlik uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuv mamlakatda qolishga qonuniy huquqi bo‘lmagan shaxslarni qayta qabul qilish jarayonlarini avtomatlashtiruvchi, raqamli taqqoslovchi va jarayonni tezlashtiruvchi axborot texnologiyalari tizimi taqdimoti bilan boshlandi.
Uchrashuvda tomonlar ushbu dolzarb masala yuzasidan o‘zlarining fikr-mulohazalarini bildirdi.
Shuningdek, mamlakatga kelayotgan yo‘lovchilar to‘g‘risida oldindan xabar berish tizimining taqdimoti hamda Turkiya Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Migratsiya bosh boshqarmasi va O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish bosh boshqarmasi o‘rtasida noqonuniy migratsiyaga qarshi kurashish sohasida hamkorlik aloqalari muhokamasi ham bo‘lib o‘tdi.
***
IIV Akademiyasiga esa Koreya milliy politsiya agentligi va ta’lim muassasalari vakillaridan iborat delegatsiya tashrif buyurdi.
O‘zbekiston va Koreya Respublikalari o‘rtasidagi ko‘p qirrali hamkorlik doirasida amalga oshirilgan tashrif avvalida mehmonlar akademiya faoliyati bilan yaqindan tanishdi.
Delegatsiya a’zolariga ta’lim jarayonlari, bakalavriat va magistratura bosqichlari, professional kadrlar tayyorlashga ixtisoslashgan mutaxassislik yo‘nalishlari, akademiyaning moddiy-texnika bazasi va zamonaviy imkoniyatlari haqida ma’lumot berildi.
Kriminalistik ekspertizalar kafedrasi bilan tanishish asnosida mehmonlar nazariy va amaliy mashg‘ulot xonalari, maxsus laboratoriyalar hamda o‘quv tezkor-tergov guruhi uchun mo‘ljallangan texnik vositalarga alohida qiziqish bildirildi.
O‘zaro muloqot chog‘ida ta’limdagi ilg‘or yondashuvlar bo‘yicha tajriba almashish, raqamli kriminalistika yo‘nalishida o‘quv kurslarini tashkil etish, ilmiy-amaliy hamkorlikni yo‘lga qo‘yish masalalarida fikr almashildi. Xorijiy mehmonlar ikki tomonlama aloqalar rivojlanib borayotganini e’tirof etib, hamkorlikni mustahkamlashga tayyor ekanliklarini ma’lum qildi.
N.Abduraimova, O‘zA