Poytaxtimizda mahalliy va xorijiy sarmoyadorlar ishtirokida investitsiyaviy takliflar bo‘yicha yagona maydonchaning navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Tadbir mamlakatimiz oziq-ovqat sanoati, qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat mahsulotlarini qayta ishlash masalalariga bag‘ishlandi.

O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar bo‘yicha davlat qo‘mitasi, Qishloq xo‘jaligi vazirligi, “O‘zbekoziqovqatxolding” xolding kompaniyasi va boshqa tashkilotlar hamkorligida tashkil etilgan tadbirda soha mutaxassislari, mahalliy va xorijlik investorlar ishtirok etdi.

Unda so‘zga chiqqanlar qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat sanoatini rivojlantirishda yirik investitsiyalar va yangi texnik hamda innovatsion yechimlarni amaliyotga tatbiq etish bugunning dolzarb masalasiga aylanib borayotganini ta’kidladi.

Qishloq xo‘jaligi vazirligi boshqarma boshlig‘i Abdumalik Namozovning ma’lumot berishicha, qishloq xo‘jaligi sohasi mamlakat iqtisodiyotining asosiy tarmoqlaridan biri bo‘lib, unda foydalanilayotgan yerlar hududimizning 45 foizini tashkil etadi. Qishloq xo‘jaligi vazirligi tomonidan hukumat kafilligi, to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar va beg‘araz ko‘mak yo‘nalishlari bo‘yicha investitsiyalar amalga oshiriladi. Qishloq xo‘jaligi sohasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri sarmoyaga ega bo‘lgan xorijiy investorlarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha yurtimizda qator imtiyozlar taqdim etilgan. Yaratilgan sharoitlar tufayli bugungi kunda to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy kapital kiritilgan 170 korxona faoliyat yuritmoqda. Qishloq xo‘jaligi vazirligi xalqaro moliya institutlari, xorijiy hukumatlarning moliya tashkilotlari tomonidan ajratilgan grant mablag‘lari ishtirokida 37 million AQSh dollarilik 16 loyiha amalga oshirilmoqda.

– Tadbirda tizimda amalga oshirilayotgan ishlar va xorijiy investorlarni jalb qilishda yaratilgan imkoniyatlar haqida batafsil ma’lumot berildi, – deydi Investitsiyalar bo‘yicha davlat qo‘mitasi xodimi Otajon Pirmanov. – Oziq-ovqat sanoatiga investitsiya kiritishga qiziqayotgan xorijiy sarmoyadorlar uchun soliq va bojxona imtiyozlari muhim hisoblanadi. Shu jihatdan bu uchrashuv tashkilotlar va investorlar faoliyatini qo‘llab-quvvatlash, ularning rejalarini ro‘yobga chiqarish va muammolariga yechim izlashda yagona maydon bo‘lib xizmat qiladi.

– Bugun yurtingizda amalga oshirilayotgan islohotlar bizning qiziqishimizni orttirmoqda, – deydi «Nasen» (Xitoy) kompaniyasining O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Yan Chensi. – Kompaniyamiz oziq-ovqat sanoati uchun muzlatgich va konditsionerlar ishlab chiqaradi va o‘rnatadi. Toshkentda servis markazimiz bor. Bugungi kunda “O‘zbekoziqovqatzaxira” uyushmasi bilan hamkorlik qilmoqdamiz. Bunda biz O‘zbekistonda yetishtirilayotgan oziq-ovqat mahsulotlarini saqlash va eksport qilish bo‘yicha ishlarni amalga oshirishni rejalashtirganmiz.

Uchrashuvda mavzuga doir masalalar, muammo va ularning yechimlari bo‘yicha atroflicha fikr-mulohazalar bildirildi.

 

Nasiba Ziyodullayeva, O‘zA