Ikki qo‘shni davlat o‘rtasidagi mojaro 2014 yil Rossiya Qrimni anneksiya qilishi bilan boshlanib, keyinchalik Donbass hududidagi qurolli to‘qnashuvlar bilan davom etgan.
2022 yil fevralda RF keng miqyosda harbiy harakat boshlagach, munosabatlar yangi bosqichga kirdi. Ushbu maqolada urushning sababi, hozirgi holati va kelajakda ehtimoliy rivojlanish tendensiyasini tahlil qilamiz.
Sabablar
1. Geosiyosiy. Ko‘pchilik Rossiya va G‘arb o‘rtasidagi raqobat urushning asosiy sababi ekanligini ta’kidlaydi. Ukraina G‘arbga yaqinlashishga intilgan sari, Rossiya ham o‘z ta’sir doirasini saqlab qolishga harakat qilmoqda.
2. Tarixiy omil. Rossiya va Ukraina aloqalari tarixan murakkab. Sovet Ittifoqi tarkibida bo‘lgan bu ikki davlat ajralgach, tomonlarda millatchilik tuyg‘usi, identifikatsiya masalasi ham yuzaga chiqdi.
3. Iqtisodiy omil. Ukraina iqtisodiy jihatdan muhim hisoblangan energetika tarmog‘i yo‘lida joylashgan. Shu nuqtai nazardan, energiya resurslari nazorati uchun kurash ham ziddiyat sabablaridan biri sifatida ko‘rsatiladi.
Hozirgi holat
2022 yildan munosabat keskinlashib, hududlar uchun kurash avj oldi. Ukraina butun diqqat-e’tiborini armiyani zamonaviy aslahalar bilan kuchaytiishga qaratmoqda. Rossiya esa harbiy taktikani yumshoqroq usulda amalga oshirishga intilyapti. Faktlar ruslarning kuch-qudrati Ukrainani bosib olishga yetadigandek tasavvur uyg‘otadi. Shu bilan birga RF maqsadi yo‘lida jiddiy to‘siqlarga duch kelyapti.
G‘arb Rossiyaga keng ko‘lamli iqtisodiy sanksiya qo‘llagan, Ukrainaga esa moddiy, ma’naviy va harbiy yordam ko‘rsatmoqda.
Rivojlanish tendensiyasi
Urushning kelgusi davri ko‘p omillarga bog‘liq.
1. Diplomatik yechim. Xalqaro hamjamiyat adolatli muzokara yo‘lidan borsa, urushni tugatish mumkin.
2. Iqtisodiy jihat. Vaziyat qaysi tomonga burilishida mamlakatlarning ichki iqtisodiy ahvoli ham muhim. Agar sanksiya yanada kuchaysa, iqtisodiyot yomonlashsa, o‘zaro murosa qilish imkoniyati paydo bo‘ladi.
3. Axborot urushi. Bu borada ommaviy axborot vositalarining rolini ham inkor qilib bo‘lmaydi. Qolaversa, ijtimoiy tarmoq orqali jarayonga ta’sir etuvchi fikrni shakllantirish mumkin.
Xulosa
Murakkab geosiyosiy vaziyatni aks ettiradigan Rossiya – Ukraina urushining yechimi turli omillarga bog‘liq. Har ikki tomon g‘alabaga intiladi. Demak, xalqaro hamjamiyat faollik ko‘rsatmasa, diplomatik yechim topilmasa, qarama-qarshilik davom etishi ehtimoli yuqoriligicha qolaveradi. Bu mojaro nafaqat mintaqa, balki butun dunyoga tahdid solmoqda. Urushni tugatish rivojlangan davlatlarning xolis qaroriga bog‘liq.
Musulmon Ziyo,
O‘zA sharhlovchisi