O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan Ishlab chiqaruvchilar va import qiluvchilar tomonidan qayta ishlanishi to‘g‘risidagi ma’lumot ko‘rsatilishi majburiy bo‘lgan tovarlarning ro‘yxati va ularning belgilari davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi.

Xususan, mazkur idoraviy normativ-huquqiy hujjatda ishlab chiqaruvchilar hamda import qiluvchilar tomonidan plastmassalar, qog‘ozlar, metallar, yog‘och va yog‘och materiallari, to‘qimachilik, shishalar, kompozit materiallar, batareya va akkumulyatorlar uchun qayta ishlanishi to‘g‘risidagi ma’lumot ko‘rsatilishi majburiy bo‘lgan belgilar ko‘rsatib o‘tilgan.

Ta’kidlash lozimki, yuqoridagi idoraviy normativ-huquqiy hujjat loyihasini jamoatchilik muhokamasidan o‘tkazish jarayonida tadbirkorlik sub’ektlari tomonidan bildirilgan takliflar asosida ushbu hujjat rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran o‘n sakkiz oydan keyin kuchga kirishi belgilandi.

Ma’lumot o‘rnida aytib o‘tish joizki, ishlab chiqaruvchilar va import qiluvchilar tomonidan qayta ishlanishi to‘g‘risidagi ma’lumot ko‘rsatilishi majburiy bo‘lgan tovarlarning ro‘yxati va ularning belgilari avval Adliya vazirligida davlat ro‘yxatidan o‘tkazilmagan. Bu hujjat Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi hamda O‘zbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligi tomonidan amalga kiritilgan. Ushbu hujjat Adliya vazirligining tegishli taqdimnomasiga asosan bekor qilingan.

N.Abduraimova, O‘zA